“Shodlik”ka shodlik qaytmoqda
“Shodlik” mahallasida hayot izga tushmoqda.
Joriy yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omboridan suv toshib chiqishidan Oq oltin tumanidagi Shodlik mahallasi aholisi ham aziyat chekkan edi. Koʻp uylar yashashga yaroqsiz boʻlib qoldi, chorva nobud boʻldi.
Talofatdan jabr koʻrgan Sardoba, Mirzaobod va Oq oltin tumanlariga yurtimizning barcha hududlaridan eng yaxshi quruvchi va muhandislar jalb etilib, uy-joylar, yoʻllar, taʼlim va tibbiyot muassasalarini yangidan qurish ishlari boshlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan 52 ta pudrat tashkilotiga Oqoltin tumani “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 160 ta uy-joyni mukammal taʼmirlash, 3 ta yangi qurilishni amalga oshirish vazifasi topshirildi.
Bunyodkorlik ishlari loyiha-smeta hujjatlari “Qishloqqurilishloyiha” loyiha instituti viloyat filiali tomonidan bajarilib Sirdaryo viloyati qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ekspertizadan oʻtkazildi.
Oʻtgan vaqt mobaynida barcha obyektlarda qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari bir lahza ham tinmay davom etdi. Shu paytgacha 3000 kv. m deraza va eshik romlar, qariyb 33 ming kvadrat metr tom yopish ishlari bajarilib, 16 ming kvadrat metr pol va xonalardagi shiftlar almashtirildi. Mahalla hududini obodonlashtirish, 7 kilometrlik yoʻllarni taʼmirlash, piyodalar yoʻlaklari barpo etish davom etmoqda.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov kuni kecha Oqoltinda boʻlib, viloyat quruvchilarining ishlari bilan tanishdi, birin-ketin yangilangan uylariga koʻchib kelayotgan aholi bilan suhbatlashib, ularning muammo va kamchiliklarini soʻradi.
– Uyimizni suv bosib, yaroqsiz holga kelib qolganda qachon bu yerni taʼmirlab, koʻchib kelishni oʻylab, oʻyimizning oxiriga yetmagandik, – deydi Shodlik mahallasida yashovchi Xolboy Nuryaxshiyev. – Mahallamizdagi xonadonlar qatori bizning uyimizni taʼmirlash samarqandlik quruvchilarga topshirildi. Quruvchilar chin dildan ishadi, xabar olib turdik. Xudoga shukr, bugun oʻzimizning yangilangan uyimizga koʻchib keldik. Bir bosh sigir, uy-roʻzgʻor jihozlari berishdi. Davlatimizdan, samarqandlik quruvchilardan minnatdormiz.
“Shodlik” mahallasida hayot izga tushmoqda. Yangi uylarda bolalarning shoʻx kulgulari yangramoqda. Xonadon egalari hovlini tartibga keltirish, qishga hozirlik ishlari bilan mashgʻul boʻlmoqda.
E.Turdimov qurilish-obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, uylarni tezroq oʻz egalariga topshirish, mahalla hududidagi boshqa bunyodkorliklarni ham tez kunda yakuniga yetkazish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.




