Shodligim toshib kelayotir, Navro‘z!
Qishning badanni ignadek teshib yuboradigan izg‘irinlari ortda qoldi. Qorning muzdek sovug‘idan zada bo‘lgan Qattaqum adirliklari mart oyining o‘rtalariga kelib Janub quyoshining taftida yashil tusga kirdi. Kechagina afg‘on shamoli izg‘irinidan to‘zg‘igan qumloq o‘rnida hosil bo‘lgan yam-yashil o‘tloqlar kishini o‘z bag‘riga chorlayotgandek tuyulaveradi. Bundan ancha yillar avval, istiqlolgacha biror bayram keldi, deguncha hatto yoshlarning ham yuragi zirqirab turardi. Albatta, partiya haqidagi madhiyalarni yodlash shart qilib qo‘yilar, urra, urra deyishaverib o‘quvchi-yu talabalar ham bezor bo‘lib ketishar edi. Endi esa…Odamlar butunlay boshqa olamda yashayotgandek his etishadi o‘zini. Xohlasang yurt haqida qo‘shiq aytasan, istasang otga minib olib ko‘pkari chopasan, istasang…
Bandixon, Boysun, Qiziriqda ham bu galgi Navro‘z har qachongidan ko‘ra boshqacharoq bo‘ldi. Minglab odamlar to‘plangan poyonsiz adirlik go‘yo ulkan sayil maydoniga aylanib ketdi. Hamma yoqda yashillik, yasharish hukm surgan. Yaylovda bayram qilish qanchalik gashtli ekanligini kishilarning yuz-ko‘zida quvonch porlab turganligidan ham ilg‘ash qiyin emas. Hu, anavi Istaralik Oynaxol momo Xudoyqulovaning qo‘lidagi chanqovuzmi? Inson qo‘li shunchalik sehrli ekanligiga hayratingiz yanada ortadi. Nahotki odam bolasi oddiy temirga bunchalik jon ato etib, yurakni ezg‘ilaydigan darajada sayratib yuboradiya…
Cholg‘u asbobidan chiqqan sehrli ohang kishi ko‘nglida firoqning sirli suratini chizgandek, ne-ne toshyuraklarni muz kabi eritib yuborgudek. Uning nolasi quloqlarim ostida jaranglaganda Boychibori tuyog‘iga mix qoqilgan Alpomish dilidan o‘tgan tug‘yonli o‘ylar, yetti yillik zindon azobidan zada bo‘lgan ko‘ngillari g‘amga to‘lib, alp bahodirning dasht-u-biyobonda ketayotgan holati xotirada jonlangandek bo‘ldi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bunchalik qudratli, sehrli ohang yana qaysi musiqa asbobidan taraladi?
Gilamboplik Mayram, Oqjarlik Malika, Istaralik Oynaxol momo kiygan zarli, kashtalangan ko‘ylaklar, tikilgan hapamatlar, qulog‘idagi katta-katta sirg‘alar bizga qadim Baqtriya ayolining bundan ming yillar avvalgi turmush tarzidan ogoh etmaydimi? Uning turmush o‘rtoqlari, dugonalari ham har galgi Navro‘z bayramini intiqib kutar edi.
– Xolajon, o‘tmishda bayramlarni qanday o‘tkazar edingiz?
Mayram momoning quvonch balqib turgan yuzida mahzunlik zohir bo‘ldi. U nimalarnidir eslashga harakat qilganday, biroz o‘ylanib qoldi.
– O‘h, nimasini aytasan, sira aytqilig‘i yo‘q. Biz tengilar, ayniqsa kelinchaklar Navro‘z kunlarida o‘z kuyovlarini yer-u-ko‘kka ishonmay, ta’rifini keltirib maqtashar, halinchaklar uchishardi, xirgoyi qilishardi dugonalarim. Hozir ham o‘nlab xalq qo‘shiqlarini biladiganlar bor. Mana ko‘ryapsan, «Qo‘ng‘irot» ansamblida qatnashayotgan momolarning ko‘pchiligi bir boshidan kuylashayapti. Ikkinchidan, bizning liboslarimiz, taqinchoqlarimizga o‘xshaganlarini boshqa viloyatlardan topa olmaysan.
– Qiziq, yana qanday farqi bor Qashqadaryolig-u Surxondaryoliklarning?
– Aylanib o‘rgilayin senginadan, voha taraflarda Navro‘z taomlari ham o‘ziga xos-sumalak, atala, talqon, g‘ilmindi. Sanayversam ado bo‘lmas. Mana ko‘ryapsan, hamma yoq, o‘t-ulan. Agar ismaloq, sho‘ra, yana bir talay o‘tlarni maydalab, un solib, suv qo‘shib qorisang ko‘k patir hosil bo‘ladi-qo‘yadi. Navro‘z kunlari ayniqsa, Surxondaryoning xushbo‘y talqonini yeganlar darmonda, yemaganlar armonda. Gapning ochig‘i, bayram yaxshi o‘tishida Farrux Rahmonov, Rahmatulla Tog‘ayev, Zafar Eshqulov, Abdulfattoh Husanov, Abduqodir Abdusattorov, Farhod Rasulov, Umid Hojiyev kabi fidoyi insonlarning xizmati va tashkilotchiligi samarali bo‘layotir.
Qadimiy bayram arafasida Termizning Afg‘onistonga tutash adirlarida minglab kishilarning ayrimlari quvonchdan o‘zlaricha xirgoyi qila boshladilar. Sevinmay bo‘ladimi, bir necha ming chaqirim, olislarda-ayrim o‘zga yurtlarda sovuq qurolning dahshatli ovozi yurakni tilka-pora qilgudek eshitilsa-yu, Surxon vohasidagi insonlar deyarli har kuni bayramning shirin ta’mini tatib tursalar! Sevinmay bo‘ladimi axir, shundoqqina yonginangizdagi ba’zi davlatlarda minglab odamlar ko‘zi bir ushoq non topish ilinjida javdirab tursa-yu bizning vohada to‘kin dasturxon atrofida o‘tirgan minglab kishilar to‘rt faslda yetishtirilgan turfa noz-ne’matlardan bahra olsalar! Bundan ortiq baxtni yana topish mumkinmi?
– Ollohga beadad shukur, odamlarimizning ko‘zi to‘q, – deydi tashkilotchi insonlardan biri Abdumutallib Arabov quvonchini izhor etib. – Bizning viloyatimizga, Vatanimizga havas qilishsa arziydi. Ayrim joylarda esa… Eshitishimcha, hatto qadimiy bayram ham ko‘plarga tatimay qolgan, deyishadi. Xudo shunday ko‘rgiliklardan asrasin. O‘zbekistonda tinch va osoyishta hayot kechirishimiz uchun fidoyilik qilayotgan Yurtboshimizning umri uzoq bo‘lsin! Mana ko‘rib turibsiz, go‘zal Vatanimizda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda katta ishlar qilinayotir. Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi rivojlanayotir, odamlar turmushi ancha yaxshilanib qoldi.
Hozirgidek esimda, ilgari Navro‘z tantanalari Termizning tor ko‘chalarida, unchalik katta bo‘lmagan bog‘lari va xiyobonlarida o‘tkazilar, bundan tumanlardan kelgan tomoshabinlar sira qanoatlanmay ketishar edi.

Mana ko‘rib turibsiz… Navro‘z bayrami tumanlarda har yili Surxon xalqining bag‘riday keng, mo‘l adirliklarda, dilni yayratadigan bahavo joylarda, qayta ta’mirlangan Otchoparda bo‘layotgani quvonarlidir.
Go‘zal va so‘lim joylar haqiqiy sayil maydoniga aylanib ketadi. Qadimiy osori-atiqalarni bag‘riga olgan o‘nlab o‘tovlar qurila boshlanadi. Ularda Surxon vohasining faqat o‘ziga xos urf-odatlari, udumlari o‘z muhrini qoldirgan rasm-rusumlar amalga oshiriladi. Alpomish yurtining tanti odamlari tayyorlagan noz-ne’matlar, turli hunarmandchilik buyumlari va xorijdan kelgan mehmonlarning ko‘zlarini o‘ynatuvchi turfa kashtalar, turli zardo‘zlik kiyimlari namoyish qilinadi.
…14-mart kuni Bandixonda o‘tkazilgan bayram har qachongidan ko‘ra zavqli bo‘ldi. Tomosha qilaman, desangiz bu yerda bir qator yangiliklarga duch kelasiz. Turli korxona va firmalarning mahsulotlari namoyish qilinmoqda. Mohir qo‘llar bunyod etgan go‘zal va o‘ta sifatli buyumlar ko‘plarni lol qoldirdi. Milliy hunarmandchilik buyumlari ham oz emas.
– Surxonning kuragi yerga tegmaydigan alp bahodirlari Muhammadkarim Xurramov, Samijon, Zohid Hisomiddinovlar, Muzaffar, O‘tkir, Shermuhammad, Norquvvat polvonlar bilan faxrlanmay bo‘ladimi!? Ko‘pchiligi hatto xalqaro musobaqalardagi xorijlik tengdoshlarini armonda qoldirib kelishayotir. Ularning kurashini tomosha qilganlarga mazza, – deydi tadbirkor Islom Xudoyberdiyev quvonchini izhor etib.

Viloyatning turli tumanlarida Alpomish avlodlari-mohir chavandozlar bellashuvlari qiziqarli o‘tkazilayapti. Har xil xalq o‘yinlari-chillik, Surxon vohasi xalqigagina xos bo‘lgan tomoshalar, askiyalar, ichak uzdi hangomalar tumanlardagi bayramlarga fayz, jon kiritib yuborayapti.
Eng asosiysi, yuraklarni sel qiladigan estrada qo‘shiqlarini aytmaysizmi? El sevgan san’atkorlar-Mahmud Namozov bilan Hosila Rahimova kuylaganda tomoshabinlarning olqishlari uzoq davom etdi. Surxon vohasining mard, tanti va jaydari insonlari fe’l-atvoriga xos o‘ynoqi kuy va qo‘shiqlar odamlar ko‘nglini umrbod xushnud etsa ne ajab?
…Ko‘hitang tog‘ etaklariga chiqqan minglab odamlar shaharning sershovqin hayotiga butunlay ko‘nikib qolib, ko‘p yillar davomida uzatsangiz qo‘l yetgudek yaqindagi salobatli tog‘lar o‘ngirlarida dam olishni ham butunlay unutib yuborganliklarini achinish bilan xayoldan o‘tkazdilar. Qarang, inson bolasi texnika asrida nuqul shaharning tor ko‘chalari, keng bo‘lmagan xonalarida yashashga o‘rganib qolib, tabiatning sirli va sehrli jozibasidan bahra olishni deyarli esdan chiqarib qo‘yishganligini ko‘pincha kech anglar ekan. Mana bugun Navro‘z, yayraging keladi. Yashil tus ola boshlagan adirliklarda yugurishga shaylanasan.
…Al Hakim Termiziy, Sherobodda Ab-u Iso Termiziy maqbaralari oldidan ham ziyoratchilar arimay qolishdi. O‘nlab mashinalarda olis viloyatlardan kelgan yuzlab yosh-u keksalar bayram kunlarida bu obidalarni ziyorat qilishni insoniy burch deb bildilar.
– Jarqo‘rg‘on, Boysun, Bandixonda kecha o‘tkazilgan Navro‘z sayillari kishilar xotirasida yana ko‘p yillar saqlanib qolishiga shubha yo‘q. Axir, mehnat ahli bayram tomoshalarini qanchalik mazmunli o‘tkazsa, shunchalik yarashadi – deydi fidoyi kishilardan biri, Istaralik Abdurashid Ortiqov.
…Gapning ochig‘i, xonandaning qo‘shig‘i avjiga mingan pallada soch-soqollari o‘siq bir bobo bilan gurunglashib, ko‘nglim sal buzilgandek bo‘ldi. U unchalik uzoqda joylashmagan xorijiy davlatdan tantanalarni ko‘rish uchun kelgan ekan. To‘g‘risi, uning gaplari yuragimni anorni sig‘gandek ezg‘ilab yubordi. «Eh, ukajonim, nimasini aytasiz, bunday raqslarni ko‘rmaganimga, qo‘shiqlarni eshitib, ko‘nglimni yayratmaganimga ancha yillar bo‘lib qoldi. Buning o‘rniga biror g‘alamis paq etkizib otib ketmasmikin, degan hadik odamni bezovta qilaveradi. Havasim keladi. Faqat...Orzu qilaman... Boshqalar ham orzu qilsa arziydi. Axir ko‘ngliga qo‘shiq aytish va tinglash sig‘gan xalqqa havas qilayotganlar oz emas.
Surxondaryoda bodom gullaganiga ancha bo‘ldi. Demak, bu yilgi mevalar yanada mo‘l bo‘laveradi. Demak, faqat tabiatgina emas, hayotimiz gullab-yashnayverishiga shubha yo‘q!
Hali quyosh chiqmasidanoq adirlarga daryodek oqib kelayotgan odamlar juda qiziq tomoshalarning qay birini tanlashini bilolmaydi.
– U-v, anovi o‘tovlarni qaranga,
– Yuringlar, xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasini maqtashayapti!
– Toshkentdan zo‘r artistlar kelishgan, deyishadi!
Keng adirlikni egallagan yuzlab odamlar xaridorini chorlab, janub quyoshi taftida pishgan son-sanoqsiz noz-ne’matlarni ko‘z-ko‘z qilaveradi.
– Boysunning tandir kabobini yemabsiz…dunyoga kemabsiz!
– Talqondan tatib ko‘ring, og‘zingizda erib ketadi!
– Ming dardga davo Sherobodning anoridan oling!
– Vaxshivorning mayiziga kelib qoling, bundayini dunyoning narigi chetidan ham topolmaysiz.
– Istaraning qovunidan yeng, shirinligi tilingizni yormasa hisob emas!
Kurash maydonida bakovulning hayqirig‘i Ko‘xitang tog‘laridan aks-sado beradi.
– Ol jog‘osini jup qip ushla. Chil berda, jerga chikka qip tashla! Jovrini tiysin! Dustamani g‘irrom!
Bepoyon adirdagi shamolday uchqur bedovlarga qamchi bosgancha hay-haylab ketayotgan mo‘ylovli chavandozlardagi jasurlik va botirlik xislatlari dunyo miqyosida olib qaralganda kamyob ekanligini bilasizmi?

Bu tarafda esa doiraning gumbur-gumburi yurakni orziqtirib, sel qilib yuboradigan qo‘shiq, kuy sadolari quloqni qomatga keltiradiyov. Baxshilarning Alpomish taqdiridan so‘ylovchi dostonini eshitayotgan odamlar yuzidagi quvonch taqdirdan shukronalik ifodasidek tuyuldi menga.
…Yaqindagina qadim Surxon zamini ham ancha vaqt qalin qor ko‘rpasi tagida junjikib yotar, doimo haroratli quyosh taftiga ko‘nikkan janubliklarning ko‘ngillari unchalik yorishmayotgandek edi. Hatto Navro‘zdan bir necha kun avval bexosdan quygan yomg‘ir ko‘chalarni to‘ldirdi, daryo kabi oqa boshladi. Bahor havosidan sipqorgan millionlab odamlar hayot gashtidan zavqlana olish tuyg‘usini yanada yaxshiroq his etgandek bo‘ldilar. Bobo-momolar bo‘lsa, quvonchlarini ichiga sig‘dirolmay qo‘llarini fotihaga ochib: «Ey, ullarim Yaratganga ming qatla shukur, biz bandalariga mo‘l rizq-ro‘z berayapti, baraka yog‘dirayapti, deya shod-u xurram bo‘lishdi. Bir necha kun avval o‘zlarini yomg‘irdan asrash uchun soyabon ko‘targan, qiyqirib son-sanoqsiz o‘tovlarga biqinib olgan qiz-yigitlar qadimgidek yana charaqlab chiqqan janub quyoshidan to‘kilayotgan behisob nurlardan quvonishayotganligi uchun avvalgidanda shodonroq, yanada jo‘shqinroq ko‘rindi menga.
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri.