Shimoliy Kavkazda 19 nafar terrorchi qo‘lga olindi
Rossiya xavfsizlik xizmati Shimoliy Kavkazda terrorchilik hujumlari uyushtirgan shaxslarga nisbatan tergov olib borayotgan edi.
Surishtiruv davomida politsiya qo‘poruvchilik harakatlarida ayblangan, jangarilar guruhi a’zolari, deya gumon qilingan 19 erkakni hibsga olgan. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmati bayonot berdi.
Ikki kun muqaddam gumonlanuvchi shaxslarning yashash joyida tintuv o‘tkazildi, ularning xufiyona uchrashuvlari haqidagi ma’lumotlar ochiqlandi. Shundan so‘ng hukumat jangarilar qamoqqa olinganini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, surishtiruv chog‘ida pulemyot, avtomat, miltiq va 40 dan ortiq ekstremistik xususiyatga ega material topilgan va musodara qilingan. Bundan tashqari, 3 kilogrammdan ortiq trotil moddali qo‘lbola portlovchi moslama ham topilgan.
Hibsga olingan shaxslar Rossiyada 2010 yildan beri taqiqlangan Takfir val-Hijra (Anatema va surgun) guruhi a’zolari ekani aytilmoqda.