Shifoxonadagi o‘g‘irlik qanday fosh etildi?
Furqat tumanining Kimsanobod qishlog‘ida yashovchi D.Hojiyev (ism-shariflar shartli) shu yilning yanvar oyida oilaviy kelishmovchilik tufayli rafiqasi bilan urishib qoldi-yu, uyidan chiqib ketdi.
Xo‘sh, endi qayoqqa borish kerak, qayerdan boshpana topish lozim?
Bu savol har qanday kishining boshini qotirib, esankiratib qo‘yishi hech gap emas. Ammo u ko‘p o‘ylanib o‘tirmadi. Beshariq tumani markaziy shifoxonasiga borib, jonlantirish bo‘limidagi bemorlarning yaqinlariga ko‘maklasha boshladi. Binobarin, o‘sha fuqarolar uchun mo‘ljallangan xonada tunab, ularning ovqatiga sherik bo‘lib yuraverdi. Negadir bunga shifoxona ma’muriyati yoki bo‘lim mas’ullarining indamagani D.Hojiyevga juda qo‘l keldi.
Shu tariqa hojatbaror yigit bir oy mobaynida jonlantirish bo‘limida kun kechirdi. Biroq muqaddam – bundan 4 yil avval o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan yigitni yana o‘sha «hunar»ning xumori tutib qoldi. Sobiq o‘g‘ri ayni g‘araz niyatini kechasi amalga oshirdi.
Tumanning Zarqaynar qishlog‘ida yashovchi Aziza Rahmonovaning xo‘jayini Shuhratjon Odilovning sog‘ligi yomonlashib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga tushib qolgandi.
Binobarin, Azizaxon uyga ham bormay, Shuhratjonning tepasida turgandi. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘i uxlagach, u ham o‘zi singari fuqarolar uchun mo‘ljallangan xonaga kirdi-da, jemferini taxlab stolga boshini qo‘ydi. Buni ko‘rgan o‘g‘ri avvaliga u Azizaning tepasiga oyoq uchida yurib bordi.
So‘ng ayolning jemferi tagidan plastik kartasini bilintirmay olib qo‘ydi. A.Rahmonova plastik kartasini izlashga tushdi. Shifokor va hamshiralardan so‘rab surishtirdi, foydasi bo‘lmadi. Shunda D.Hojiyev o‘zini bilmaganga solib, nimani qidirayotganini so‘radi.
– Dadamning plastik kartalarini ishlatib turgandim. Boshimning tagida turgandi. Ertalab uyg‘onsam, joyida yo‘q, – deya javob berdi Aziza.
Bu javobdan esa o‘g‘ri yigit «unumli» foydalandi.
– Menga kartaning kodini ayting. Bankka borib, qulflatib kelaman, ichidagi pulni hech kim yechib ololmaydi.
Ayyor yigitning asl niyatidan bexabar ayol unga plastik karta raqamini aytib berdi.
Buni qarangki, D.Hojiyev Beshariq dehqon bozoriga borib, “Paynet” shoxobchalarini ko‘zdan kechirdi, noma’lum ayol kishi ishlayotgan shoxobcha oldida to‘xtadi.
– Mana, shu kartamdagi pullarni yechib bersangiz, – deb iltimos qildi u ayoldan.
Shoxobcha sohibasi ham uning iltimosini darhol bajo keltirdi. Ya’ni plastik karta hisobidagi 1.714.000 so‘m mablag‘ni yechib, o‘rniga shuncha miqdordagi naqd pulni yigitning qo‘liga tutqazdi.
Biroq ko‘p o‘tmay, uni tuman IIB xodimlari qo‘lga olishdi. Negaki, Aziza erta tongdayoq dadasi Mansur Rahmonovga xabar berib qo‘ygandi. Soat 07:30larda esa Mansur akaning uyali telefoniga plastik kartasidan «IMR0N-KAMR0N» firmasi tomonidan pul yechilgani to‘g‘risida xabar keladi. Shunga ko‘ra M.Rahmonov Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasining «102» qisqa raqamiga murojaat qilgandi.
Shundan so‘ng D.Hojiyevga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi esa sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Furqatjon SOBIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Beshariq tuman sudi raisi
Xurshid SULTONOV,
jurnalist