“Shifokorlarning qo‘li gul ekan, baraka topsin”
Prezidentimiz tashabbusi bilan Qarshi shahrida ish boshlagan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali haqiqiy ma’noda yurak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarning mushkulini oson qilmoqda.
Xususan, filialda birgina o‘tgan yilning o‘zida jami 1692 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Shundan 1496 tasi yopiq, 196 tasi ochiq turdagi jarrohlik amaliyotlari hisoblanadi. Shu bilan birga o‘tgan yilda jami 9 turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilib, joriy etilgan amaliyotlar soni 48 tadan 57 taga oshirildi.
– Ushbu 9 turdagi jarrohlik amaliyoti viloyatda ilgari amalga oshirilmagan. Bunday xastalik bilan kasallangan bemorlar poytaxtga yoki chet davlatga borishiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa anchagina xarajat talab qilgan, – deydi filial direktori Ravshan Axmatov. – Shu bois markazimizga chet elning yetuk olimlarini taklif qilish orqali mahorat darslari amalga oshirilmoqda va bu jarayon davom etmoqda. Joriy yilda ham oldimizga katta maqsad qo‘yganmiz. Yil davomida ochiq turdagi jarrohlik amaliyotlaridan 5 turini, yopiq turdagi jarrohlik amaliyotlaridan 3 turini amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda ayni kunlarda filialimizga rossiyalik malakali kardiojarrohlar professor Artyom Aleksandrovich va uning shogirdi Mixail Aleksandrovichni taklif qilganmiz. Maqsad xorijlik mutaxassislarni taklif qilish orqali vohamizda yuqori texnologik jarayonlarni keng tatbiq qilish. Ushbu mahorat darslarida markazimizning barcha jamoasi ishtirok etadi va malakasini oshiradi. Kelgusida ushbu turdagi operatsiyalarni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Biz ham kardiojarrohlarimizni chet elga malaka oshirish uchun jo‘natamiz, ammo unda bitta mutaxassis o‘rganada. Lekin tajribali chet ellik mutaxasisni taklif qilsak, butun jamoani mahoratini oshirish imkoni yaratiladi.
[gallery-10546]
Xorijlik mutaxassislar bemorlarda murakkab bo‘lgan aorta kanaral shuntlash amaliyotini miniinvaziv usulda ya’ni neytral klapanni ochiq holatda miniinvaziv yo‘l bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazmoqda. Soddaroq qilib aytganda eski usulda bu kabi jarrohlik amaliyoti bemorning ko‘krak qafasidagi tush suyagini to‘liq kesib ochish orqali amalga oshirilgan va bu bemorning sog‘ayish davrini uzaytirib yuborardi. Miniinvaziv usulda esa tush suyagi kesilmaydi, balki chap tomondagi qovurg‘a oralig‘ida kichik kesma ochiladi. Muhimi bunda bemorning sog‘ayish davri qisqa muddatni oladi va jarohatlari tez bitadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda Davlat rahbari tomonidan yaratilgan sharoitlar barobarida xalqimizga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ya’ni tibbiy sug‘urta fondi mablag‘lari orqali ko‘pchilik bemorlar operatsiya qilinmoqda. Bu esa ijtimoiy ahvoli og‘ir bemorlar uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Filial ham tibbiy sug‘urta fondi bilan o‘zaro shartnoma imzolagan. O‘sha shartnomaga asosan hozirgi mahorat darslari davomida ham ko‘pchilik bemorlar operatsiya qilinmoqda.
– Surxondaryo viloyati Muzrabod tumanidan kelganman, – deydi 62 yoshli Misir Ko‘makov. – Yuragimni operatsiya qilishdi. 3 ta tomir qo‘yishdi. Juda yaxshi chiqdi. O‘zimni yengil his qilyapman. Sharoitlariga gap yo‘q. Shifokorlarning qo‘llari dard ko‘rmasin. Doim baxtimizga sog‘-omon bo‘lsin. Qarshida shunday markaz borligini bilmas ekanman. Kelib amin bo‘ldimki, bu yerdagi markaz hammasidan zo‘r. Shifokorlarning qo‘li gul ekan. 2018 yildan buyon shu dard bilan qiynalaman. Katta mablag‘ ketishini eshitib operatsiya qildirmay yurgan edim. Lekin hukumatimizga rahmat tibbiy sug‘urta fondi mablag‘lari hisobidan operatsiya qilishdi. Onadan qayta tug‘ilgandek his qilyapman o‘zimni.
Biz borganimizda xorijlik mutaxassislar operatsiyaga kirishgan ekan. Chiqqach suhbatga chorladik.
– Bu yerga yurak sohasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun keldim. Yaratilgan zamonaviy sharoitlarni ko‘rib quvondim. Malakali mutaxassislar borligiga amin bo‘ldim. Bunday malakali mutaxassislar bilan ishlashdan juda hursandman, – deydi rossiyalik kardiojarroh, professor Artyom Aleksandrovich. – Taklif qilganlaringiz uchun rahmat. Bu turdagi jarrohlik operatsiyalari bilan 10 yildan beri shug‘ullanaman. Bu orada 500 ga yaqin jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazdim va shu kabi miniinvaziv jarrohlik turini keng targ‘ib qilishga harakat qilyapman. Yangi joyda jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazishga qiynaladi kishi, lekin bu yerda yaratilgan muhit menga juda ma’qul keldi va ushbu operatsiyalarni o‘tkazishda umuman qiynalganim yo‘q. Hammaga, menga yordam bergan tibbiyot xodimlariga rahmat aytaman. Hozir biz bemorda koranar shuntlash operatsiyasini amalga oshirdik. Bemorning ahvoli juda og‘ir edi. Jarrohlik amaliyoti rejali o‘tdi. Umid qilamanki, tez orada bemorimiz sog‘ayib odatiy hayot tarzini davom ettiradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, endilikda murakkab yurak operatsiyalarini o‘tkazish uchun xorijga borish shart emas, xorijlik mutaxassislarning o‘zi kelib shu yerda jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirmoqda. Qolaversa, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialining kardiojarrohlari ham xorijning eng rivojlangan klinikalarida malaka oshirib qaytgan. Bu esa nafaqat qashqadaryolik balki qo‘shni viloyatlik yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ularning ham vaqti, ham naqdi tejaladi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.