Shifobaxsh ne’mat, bebaho xazina
FOTOREPORTAJ
Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, tabiatning shifobaxsh ne’mati bo‘lgan asalning tarkibida inson organizmi uchun foydali moddalarning qariyb 70 foizi mavjud ekan. Xalqimiz bolarini yetti xazinaning biri sifatida e’zozlab, oila tabibi hisoblashining boisi ham shunda. Qolaversa, odamlar orasida “Bor bo‘lsa asalari, dardlar ketadi nari” degan naql ham yuradi. Shu ma’noda, asalarichilik rivoji nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki aholi salomatligini saqlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Farg‘ona viloyatida ham mazkur tarmoqni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Asalari oziqlanadigan deyarli barcha o‘simliklar viloyat hududida mavjudligi, shu bilan birga, sifatli asal yetishtirish uchun paxta maydonlari va bedazorlarning yetarli ekanligi bois shahar va tumanlarda foydali hamda mo‘may daromad manbai bo‘lgan mazkur soha bilan 2 ming nafardan ziyod hamyurtimiz shug‘ullanmoqda.
[gallery-12143]
– Viloyatda asalarichilik sohasini rivojlantirish uchun o‘zimizning kamtarona hissamizni qo‘shayotganimizdan minnatdormiz, - deydi Farg‘ona viloyati asalarichilik uyushmasi raisi Sherzod Suyarqulov. – 200 dan ortiq asalarichilik sub’ektlari bizga a’zo bo‘lgan. Ularga bizning iqlimimizga tez moslashadigan, boshqa nasllarga qaraganda ko‘p hosil yig‘adigan asalari onalarini yetishtirib beramiz. Bu borada bir nechta xorijiy mamlakatlardagi hamkasblarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatganimiz qo‘l kelmoqda. Har yili Farg‘ona shahrida “Asal bayrami” tashkil qilib, aholimiz dasturxoniga 100 xilga yaqin sifatli mahsulot taklif qilyapmiz. Shuningdek, asalarichilik bilan endi shug‘ullanishni boshlagan hamyurtlarimizga kerakli jihozlar yetkazib berish bilan birga, ularga asalari parvarishi bo‘yicha maslahatlar berib boryapmiz.
Yurtimizda asal yetishtirish bilan birga, asalari uyasini xorijiy mamlakatlarga eksport qilish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada ham viloyat vakillari yaxshi ko‘rsatkichga erishib, mazkur sohadan kelayotgan daromadni yildan-yilga oshirib bormoqda.
– Asalarichilik men uchun ota kasb, - deydi buvaydalik Mo‘minjon Mirzaolimov. – Bu soha bilan shug‘ullanib, kam bo‘lmayapmiz. Har yili 100-150 ta asalari oilasini xaridorlarga yetkazib beramiz. Natijada mavsumda oladigan 1-1,5 tonna asal bizga sof daromad bo‘ladi. Barcha hamyurtlarimizga o‘lkamizning qulay iqlimidan unumli foydalanib, xonadonida hech bo‘lmasa 5-6 quti asalari oilasini parvarishlashni tavsiya qilardim. Chunki dasturxonidan asal uzilmaydigan oilalarning a’zolari sog‘lom bo‘lishi isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA