SHHT hukumat rahbarlari kengashi majlisi
Toshkent shahrida 2-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Toshkent shahrida 2-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlis Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilgʻaziyev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Hindiston Respublikasi mudofaa vaziri Rajnat Singx va Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining SHHT boʻyicha milliy koordinatori Zahur Ahmadning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Muzokarada SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Jumaxon Gʻiyosov ham ishtirok etdi.
Hukumat rahbarlari kengashi ishtirokchilari kun tartibi va uning doirasida imzolanadigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqladi, SHHT faoliyatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Kengashning kengaytirilgan tarkibdagi majlisida SHHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvi raisi M.Sharshekeyev va SHHT Banklararo birlashmasi kengashi raisi A.Omorkulov, kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh vaziri A.Abdulla, Belarus Respublikasi Bosh vaziri S.Rumas, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Moʻgʻuliston Bosh vaziri oʻrinbosari U.Enxtuvshin, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, shuningdek, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari – BMT ESKATO ijrochi kotibi oʻrinbosari X.Xam, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Ivanov, ASEAN Bosh kotibi oʻrinbosari R.Tene, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kotibiyati ijrochi direktori H.Mirzozoda, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi T.Sarkisyan, BMT FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin qatnashdi.
Majlisda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammitida hukumatlar oldiga qoʻyilgan vazifalar – aʼzo davlatlar oʻrtasida xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga oid tashkilot Bosh kotibi V.Norovning hamda SHHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi kengashi raislarining tuzilma faoliyatiga oid axborotlari tinglandi.
Hukumat rahbarlari SHHTga aʼzo davlatlar ishbilarmon doiralarining yuqori texnologiyali va innovatsion qoʻshma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, iqtisodiyotning infratuzilma, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi muhim tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirish, koʻrgazma-yarmarka faoliyati va multimodal transport-logistika majmualarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarining muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida eʼtibor qaratdi.
Birgalikda ochiq turdagi xalqaro iqtisodiyotni shakllantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etildi.
Majlisda transport yoʻlaklarini rivojlantirish sohasida koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasida temir yoʻl transporti sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu mintaqada mavjud tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, yuk tashish hajmini koʻpaytirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi. Shu orqali SHHT makonida tovarlar aylanishi va investitsiya faolligini oshirish uchun qulay muhit yaratiladi.
Majlisda SHHT bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangani tashkilot faoliyati siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqa sohalaridagi hamkorlikning koʻp qirrali xususiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.
SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida olis va qishloq hududlarida aholiga sifatli xizmatlar koʻrsatishda aloqalarni chuqurlashtirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, madaniyat, taʼlim, sport, fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Mamlakatlarning boy tarixiy-madaniy merosini targʻib etish maqsadida mintaqaning sayyohlik salohiyatidan yanada toʻlaroq foydalanishga oid aloqalarni rivojlantirish, bunda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti imkoniyatlaridan keng foydalanish taklif etildi.
Orol mintaqasidagi ekologik vaziyatni inobatga olgan holda, Oʻzbekistonning “Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi”ni tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash gʻoyasi ilgari surildi.
Hukumat rahbarlari SHHTga aʼzo davlatlarning koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi ijrosini koʻrib chiqdilar va yangi dasturni maʼqulladilar. Tashkilotning 2020-yil uchun moʻljallangan byudjetini tasdiqladilar.
Tadbirda jami 14 hujjat imzolandi. SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisi yakunlari boʻyicha Qoʻshma kommyunike imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali boʻlgani, imzolangan hujjatlar SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tadbir ishtirokchilari SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston tomoniga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2020-yilda ilk bor Hindiston Respublikasida oʻtkaziladi.