Sherzod Xusanov ertaga Londonda ringga chiqadi
O‘zbek bokschisi WVO reytingida Sul Alvaresning chempionlik kamariga ixtiyoriy da’vogar bo‘lgan birinchi raqamli sportchi bilan ro‘baro‘ kelmoqda.
O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ertaga – 10 iyul kuni London shahridagi "Royal Albert Xall" arenasida o‘tkaziladigan professional boks oqshomida xamyurtimiz Sherzod Xusanov ringga ko‘tariladi.
“Queensberry” promuoterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur professional boks musobaqasining asosiy janglaridan biri – ikkinchi o‘rta vaznda (76,2 kilogramm) hamyurtimiz, havaskor boksda jahon va qit’a chempionatlari sovrindorligiga erishgan farg‘onalik Sherzod Husanov WVO reytingida Saul Alvaresning chempionlik “tojiga” da’vogarlik qilayotgan angliyalik Zak Parkerga qarshi bahs o‘tkazadi. Sherzod professional boksdagi 26-jangida Zak Parkerga tegishli bo‘lgan “WVO interim” kamari uchun kurashadi.
Ushbu boks oqshomining asosiy jangida yarim og‘ir vaznda(79.3 kilogramm) WVO reytingida 1-o‘rinni egallab kelayotgan Artur Lindon italiyalik David Farachidan kontinental chempionlik kamarini himoya qiladi. Musobaqada shuningdek, ikkinchi yarim yengil vaznda (58,9 kilogramm) hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan (19-0) angliyalik Archi Sharp nikaragualik Marsio Sosa bilan jang o‘tkazadi.
O‘zbek boks ishqibozlari uchun ahamiyatli tomoni, agar Sherzod Xusanov mazkur boks “dueli”da Parkerni mag‘lub etsa, jahon professional bokschilarining manitoringini yuritadigan BoxRec reytingidagi o‘zining 44-pog‘onasini ancha yaxshilab oladi. Aytish lozimki, angliyalik sportchi faoliyati mobaynida 20 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘oliblikka erishgan.
Bugun jang oldidan bokschilar tarozidan o‘tdi hamda matbuot anjumanida ishtirok etdi. Londondagi "Royal Albert Xall" arenasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida hamyurtimiz Sherzod Xusanov ham xorijiy sport jurnalistlarining savollariga javob berdi.
To‘lqin RO‘ZIEV.