Sherzod Xo‘jayev: Tizim xodimlari faoliyatining asosiy qismi joylarda tashkil etiladi
Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda energetika sohasini tubdan isloh qilish, tizim samaradorligini oshirish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz energiya resurslari bilan ta’minlashga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilandi. Xususan, Energetika vazirligi oldiga aniq maqsad va ustuvor vazifalar qo‘yildi.
Bu haqda yangi tayinlangan energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev quyidagicha munosabat bildirdi:
– Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Energetika vazirligi oldiga aniq maqsad va vazifalar belgilandi. Eng avvalo, tizim xodimlari 90 foiz vaqtini pastda – mahallalarda infratuzilma ob’ektlaridagi muammolarni bartaraf etish ishlari bilan o‘tkazishi kerak. Buning asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari va aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun zarur hisob-kitoblarni amalga oshirishdan iborat.
Uch oy muddatda mazkur tahlil va hisob-kitoblar asosida tizimni takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqib kiritishimiz kerak.
Shuningdek, tizimga bozor tamoyillarini joriy etishni jadallashtirish zarur. Xususan, mahsulotlar yetkazib berish va suyultirilgan gaz ta’minotidan boshlab raqobat mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi qo‘yildi. Tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qarzdorlikni qisqartirish, yo‘qotishlarni kamaytirish ishlarining hammasi hamkorlikda amalga oshirish topshirig‘i berildi.
Alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri sohani raqamlashtirish bo‘ldi. Bunda faqat hisob-kitoblar, elektr va gaz hisoblagichlari yoki billing tizimlarini raqamlashtirish emas, balki yangi yondashuv asosida ishchi-xodimlariga vazifa berish, ularning hisobotlarini qabul qilish, kunlik faoliyati va mehnat samaradorligini baholash jarayonlarini ham to‘liq raqamlashtirish vazifasi belgilandi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham yangicha yondashuv belgilandi. Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimini kengaytirish va energetika yo‘nalishida tahsil olayotgan barcha talabalarni mazkur tizimga qamrab olish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida amalga oshirilgan tajriba asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi bittadan texnikumni modernizatsiya qilish, yirik xorijiy investorlar mablag‘lari hisobidan zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv poligonlarini tashkil etish hamda o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi.
Umuman olganda, ushbu islohotlar natijasida energetika tizimi samaradorligini oshirish, sohaning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini ko‘paytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA