Sherobod “Anor festivali”ga tayyor
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida ertaga – 5 oktyabr kuni “O‘zbekiston anorchilar kuni” respublika festivali o‘tkaziladi.
Yevropa Ittifoqi komissiyasi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirda xorijlik va mahalliy mutaxassislar, mamlakatimizning barcha hududlaridan anor yetishtiruvchilar ishtirok etadi.

Festivalni yuksak saviyada o‘tkazish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Sherobod tumanidagi “SHerobod Anor Impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida mamlakatimizda yetishtiriladigan anor ko‘rgazmalarini tashkil etish, zamonaviy yangi korxonaning ish jarayonlari bilan tanishish, “O‘zbekistonda anor yetishtirish va uni qayta ishlash istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Sherobodda anor parvarishlaydigan eng tajribali bog‘bonlarning ish usullari bilan yaqindan tanishtirish, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlarning o‘zaro tajriba almashishi uchun ham zarur qulaylik yaratildi.

“Mevalar qiroli”, “Ming dardga davo”, “Jannat mevasi” kabi tariflar bilan ulug‘lanadigan anorning jahonda 500 dan ortiq turi parvarishlanadi. O‘zbekistonda esa 30 dan ortiq navi yetishtirilmoqda. Shifobaxsh xususiyatlari bilan ahamiyatli bo‘lgan anorning po‘sti, ildizi, guli, donagi va barglaridan ham turli kasalliklarni davolashda foydalanilgan. Mutaxassislarning aytishicha, birgina po‘sti organizmni zaharlovchi ko‘plab bakteriyalar va infeksiyalarni davolashda yaxshi samara beradi. Po‘stlog‘ining tindirmasi bilan ichak yaralari, dizenteriya, disbakterioz, gijja, vabo, qorin tifi kabi ko‘plab kasalliklarni davolash mumkin. Kosmetologiyada keng qo‘llaniladigan anor donagi yog‘i kuchli viruslarni ham yo‘q qilish xususiyatiga ega. Xolesterin tromblari paydo bo‘lishining oldini oladi. Qondagi qand miqdorini bir me’yorda ushlab turishga ko‘maklashadi. Shu bois ham qandli diabetga chalingan bemorlarga anor moyini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

–“Mevalar qiroli” ning shifobaxsh, foydali taraflari haqida juda ko‘p gapirish mumkin, – deydi O‘zbekiston Anorchilar assotsiatsiyasi raisi Mastura Sayfitdinova.– Xorijliklar ishtirokida ilk marta tashkil etilayotgan mazkur festival esa mamlakatimizda anor yetishtiruvchi tadbirkor va bog‘bonlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, o‘zaro tajriba almashishi, anorchilikning istiqbollari va sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishi uchun qulay imkoniyat bo‘ladi. Shu bois festivalni anor yetishtiruvchilar uchun bayramona ruhda o‘tkazish chora-tadbirlarini belgilab, barcha tayyorgarlik ishlarini shu asosda tashkil etdik.
Sherobod tumani tuprog‘i, iqlimi va suvi bilan ham anor yetishtirish uchun qulay muhitga ega. Ayni paytda dehqon va fermer xo‘jaliklari qariyb ming gektar, aholi tomorqasida esa 3 ming 400 gektardan ortiq maydonda anor parvarishlanmoqda. O‘tgan yilning o‘zida yana 1 ming 200 gektardan ziyod maydonda yangi anorzorlar barpo etildi. “SHerobod Anor Impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati bir million dollar mablag‘ evaziga anor mevasini saralab qadoqlaydigan va tabiiy sharbat ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona bunyod etdi.
Vohada festival mehmonlarini kutib olish, joylashtirish va sifatli xizmatlar ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratildi.
–Mehmonlar uchun Termiz shahri va Sherobod tumanida o‘nga yaqin mehmonxona taxt qilib qo‘yildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha viloyat tashkiliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev.– Sifatli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Festival o‘tkaziladigan hududlar xaritasi ishlab chiqilib, katta ekranlar o‘rnatildi. “Wi-Fi” nuqtalari tashkil etildi. Ishtirokchilarning bo‘sh vaqtida vohadagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishi, arxeologik yodgorliklar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishishi uchun ham barcha sharoit mavjud.
Festival doirasida “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ko‘rik-tanlov tashkil etilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantiriladi. San’atkorlarning konsert dasturi namoyish etiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri