She’riyat uchun ham barakali yil bo‘ldi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida She’riyat kengashining 2024 yildagi faoliyati, nashr etilgan kitoblar, dostonlar hamda yurtimiz gazeta-jurnallarida chop etilgan she’rlar bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Kengash raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo kengash tomonidan yil davomida olib borilgan ishlar, yaratilgan she’riy asarlar haqida atroflicha fikr bildirdi.

O‘tgan davr mobaynida uyushma a’zosi bo‘lgan yuz nafardan ziyod ijodkor yil davomida respublikamiz bo‘ylab o‘tgan “Ma’rifat ulashib”, "Vatan manzumasi" kabi tadbirlarda faol ishtirok etishdi. Bundan tashqari, ko‘pgina mumtoz va ustoz adiblarimiz Furqat, Siddiq Xondaliqiy, Ajiniyoz, shuningdek, Ramz Bobojon, Normurod Narzullev, Enaxon Siddiqova kabi xalq shoirlarining xotira kechalari o‘tkazildi.

Jumladan, sevimli shoiramiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoki qor qo‘ynidagi lolalar” deb nomlangan she’riy romani adabiyotimizda katta voqea bo‘ldi.

Shuningdek, atoqli shoir O‘tkir Rahmatning “Mangu ovoz”, xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Tanlangan asarlar”i, taniqli shoiramiz Farida Afro‘zning to‘rt jildlik asarlari, Muxtasar Tojimamatovaning “Ishq ro‘moli”, Sanobar Rahmonning “So‘zning vatani” kabi she’riy to‘plamlari yuzaga kelishida ham She’riyat kengashining o‘rni bor.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar She’riyat kengashining yillik faoliyatiga o‘z munosabatlarini bildirib o‘tishdi.

Turob Niyoz,
O‘zA