She’r aytgani galing Xivaga
Azim va qadim Xiva shahri yana bir bor so‘z san’ati va nafosat bayramiga mezbonlik qildi. Muhtasham “Farovon” mehmonxonasining ko‘rkam va hashamatli qabullar saroyi bu safar rasmiy yoki siyosiy uchrashuv emas, balki ruhiyat va she’riyat bayrami bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston mushoirasi”ning ijodxonasiga aylandi.
O‘zbekiston qalam ahillarini birlashtiruvchi ushbu ijodiy uchrashuvlarning aynan ko‘hna va azim shaharda o‘tkazilishi bejiz emas. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17-18-avgust kunlari Xorazm viloyatida bir qator yangi inshootlar ochilishida qatnashar ekan, endilikda bu ko‘rkam binolar sahnida ajoyib tantanalar, xususan, Xiva mushoirasi o‘tkazilishini ham taklif qilgan edilar.
Ushbu istak amalga oshishi ko‘pga cho‘zilmadi. Poytaxtimizdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan taniqli shoirlar Xivaga yetib kelishdi.
Mushoira avvalida uning ishtirokchilaridan bir guruhi Ogahiy ijod maktabida bo‘lishdi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar, Ogahiy vorislari bilan dildan muloqot qildilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid anjuman aynan hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan o‘tkazilayotganligini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova va boshqalar mushoiraning ilk kunini boshlab berdilar.
Ertasi kuni anjuman kattaroq davraga – shaharga kiraverishda bundan uch yil muqaddam qad rostlagan “Farovon” mehmonxonasiga ko‘chdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov “Yangi O‘zbekiston mushoirasi”ga tashrif buyurganlarni samimiy muborakbod etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo:
– “Adabiyot – bu xalqning yuragi”, – deydilar davlatimiz rahbari, – Bu so‘z Cho‘lponning “Adabiyot yashasa – millat yashaydi” so‘zlariga hamohangdir. Vatan so‘zi yuragimizda g‘urur minoralarini tiklaydi.
Shoir Ogahiy ijod maktabi o‘quvchilari O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning “O‘zbekiston – Vatanim manim!” she’rini o‘qib berishdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim “Qalbim she’riyatning quchog‘ida” deb boshlanadigan she’rini o‘qib berganda ham Ogahiy vorislari jo‘rovoz bo‘lishdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir o‘zining she’ri bilan birga Omon Matchonning “Qalaming bo‘lmasa olam talashma...” satrlarida ifodalangan she’ridan parcha o‘qidi. O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova xorazmliklarga bag‘ishlangan she’rini taqdim etdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari, shoiralar Farida Afro‘z, Munavvara Usmonova, Gavharjon Ibodullayevalar hali siyohi qurimagan nazmiy ash’orlaridan o‘qib berishdi.
Sahnaga elimizning dilbar shoirasi Sayyora Samandar ko‘tarildi.
– Nazmimda, rahmatli padari buzrukvorim ham ushbu jo‘shqin davrada ishtirok etayotganday, “Xorazm farzandiman!”ni o‘qiyotganday...
Otasining jismu jonini yuragiga ko‘chirgan shoira ushbu mashhur she’rni davra ahliga havola etdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim: “Mushoira etadi davom, do‘stim kel sen ham” deya bashorat qilganlaridek, davra yana jo‘shqin tus oldi.
Surxondaryolik “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Mengnor Ollomurod, Qashqadaryodan G‘ulom Abdiyev, turkiyalik mehmon Kadriyatxonim chiqishlaridan so‘ng, sahnani butkul yosh ijodkorlar egallab olishdi.
Shoir va aktyor Erkin Bozorov, Muhammad Siddiq, Shoira Shams, Gulinor Avazova... qo‘ying-chi, o‘zbek, tojik, turkman, qoraqalpoq, turk tillarida dillarni maftun etuvchi she’ru g‘azallar taraldi. “Yangi O‘zbekiston mushoirasi”ga qo‘shilganlar soni oltmishdan oshib ketdi. Navbat yetmaganlar qancha?!

Kechqurun “Ichan qal’a”ning mashhur o‘tmishni jonlantiruvchi minorayu obidalari poyida mushoiraxonlik davom etdi.
Go‘yoki mahobatli “Ichan qal’a” devorlari bag‘rida yangragan badiiy satrlar va samimiy misralar zamonlar va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamlagandek bo‘ldi. Shoirlar tomonidan o‘qilgan Vatan, sevgi, tinchlik va yangilanayotgan yurt tarannum etilgan she’rlar nafaqat yig‘ilganlar, balki mahalliy va xorijiy sayyohlar qalbiga ham o‘zgacha zavq va faxr bag‘ishladi.

Qadimiy va go‘zal Xivada boshlangan “Yangi O‘zbekiston mushoirasi” uning ishtirokchilari va muxlislari qalbida uzoq saqlanishi, shubhasiz. Prezident taklif etgan “Yangi O‘zbekiston mushoirasi” viloyatlar bo‘ylab davom etadi.
Sherjon MASHARIPOV,
“Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri.
O‘zA