Shaxsiy hayot daxlsizligi kuchaytirilmoqda
Konstitutsiya har bir mustaqil davlatning xalqaro maydondagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotini belgilab beradi. Sababi, Konstitutsiyada davlatning xalq oldidagi burchi, vazifasi va kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgan bo‘ladi.
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi konstitutsiyaviy qonuni loyihasining 27-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, shaxsiy hayot daxlsizligiga oid normalar kuchaytirilmoqda. Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga egaligi alohida qayd etilayotganligi shaxsiga doir ma’lumotlarni sir saqlanishida juda muhimdir. Bundan tashqari, har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni, pochta-telegraf jo‘natmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega.
Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilinishidagi muammolarni bartaraf etishga, albatta ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Jasur Qayumov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i
O‘zA