Jahon shaxmat yulduzlari Toshkentda bahslashmoqda
Poytaxtimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlab tezkor shaxmat bo‘yicha jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasida xalqaro turnir boshlandi.
Poytaxtimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlab tezkor shaxmat bo‘yicha jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasida xalqaro turnir boshlandi.Musobaqaning ochilishida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportning barcha turlari qatori shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida o‘zbek shaxmatchilari nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Rustam Qosimjonov, Shahriyor Mamedyarov (Ozarbayjon), Boris Gelfand (Isroil), Ruslan Ponomaryov (Ukraina) singari taniqli grossmeysterlar aylanma tizimda g‘oliblik uchun dona surmoqda.
Bugun o‘zbek shaxmatchilari xalqaro turnirlarda muntazam yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2015-yili vakillarimiz xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 25 oltin, 8 kumush va 12 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilgi sport mavsumi ham muvaffaqiyatli bo‘lmoqda. Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yosh sportchilarimiz 4 oltin, 3 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida tashkil etilgan jamoaviy Osiyo chempionati – Osiyo millatlari kubogida O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi standart va rapid shaxmat bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnirning birinchi davra bahslari yakuniga ko‘ra, Shahriyor Mamedyarov 2, Rustam Qosimjonov 1,5, Ruslan Ponomaryov 1,5, Boris Gelfand 1 ochko jamg‘ardi.