Shaxmat: Karuana bilan kurashmagan Firuzja Sindorovga qarshi o‘yinda ishtirok etadimi?
Bugun, 18-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida o‘tayotgan “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining 5-turida Javohir Sindorov qora donalarda fransiyalik Alireza Firuzja qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Biroq ushbu o‘yin amalga oshishi hozircha savol ostida turibdi. Boisi, turning markaziy bahslaridan biri sanalgan AQSHlik Fabiano Karuana va fransiyalik Alireza Firuzja to‘qnashuvi fransiyalik grossmeysterning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli qoldirildi.
Tashkilotchilar Alireza ayni damda o‘yinga tayyor emasligini ma’lum qilib, uning tez orada sog‘ayib, turnirni davom ettira olishiga umid bildirdi va qo‘shimcha ma’lumotlar bugungi tur yakunlangach taqdim etilishini ma’lum qildi.

Xalqaro turnir Nizomga ko‘ra, ushbu qoldirilgan uchrashuvni 19-may, ya’ni turnirdagi dam olish kunida o‘tkazish imkoniyati mavjud. Biroq agar Firuzja kasalligi sababli musobaqani butunlay tark etishga majbur bo‘lsa, partiyalarning hali yarmi o‘ynalib ulgurmagani tufayli uning turnir jadvalidagi barcha natijalari bekor qilinadi.
Bu vaziyatda Alirezani o‘tgan turlarda mag‘lub etgan Maksim Vashe-Lagrav hamda Anish Giri zarar ko‘radi. Chunki ularning qo‘lga kiritgan ochkolari turnir jadvalidan olib tashlanadi.

Kecha o‘tkazilgan 4-tur musobaqasida hamyurtimiz J.Sindorov oq donalarda azaliy raqiblaridan biri Anish Giri bilan kuch sinashdi. Qiziqarli va teng kurashlar ostida kechgan o‘yinning 45-yurish holatidagi kichik noaniqlik Giriga durangga erishish imkoniyatini taqdim etgan bo‘lsa, Sindorovni qaysidir ma’noda g‘alabadan mosuvo qildi. Shundan so‘ng Javohir kichik ustunlikka ega bo‘lsada bahs durang bilan intiho topdi.
Mazkur turda germaniyalik Vinsent Kaymer Fransiya vakili Maksim Vashe-Lagravni taslim etgan bo‘lsa, Uesli So-Bogdan-Daniel Dik, Jorden van Forest-Praggnanandxa juftliklaridagi musobaqalarda murosa yo‘li tanlandi.

Bugun kechki payt boshlanadigan 5-tur bahslarida Maksim Vashe-Lagrav- Jorden van Forest, Bogdan-Daniel Dik-Fabiano Karuana, Praggnanandxa- Uesli So, Anish Giri- Vinsent Kaymer ro‘baro‘ keladi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnir 23-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA