Shaxmat: Akbarali Abduhakimov birinchi o‘rinni egalladi
Xabaringiz bor, Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha “Al Beruniy” III xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 17 mamlakatidan kelgan 231 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surdi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi turnirda ishtirokchilar “Masters”, “Challengers”, “Futures” va “Open” yo‘nalishlarida o‘zaro raqobatlashdi.
Quvonarlisi, musobaqaning “Open” guruhida Akbarali Abduhakimov birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Behruz Umarov bronza medal bilan taqdirlandi. Ushbu toifadagi kumush medal esa qirg‘izistonlik Eldiyor O‘rozboyevga nasib etdi.

“Masters” guruhida Aram Akopyan (Armaniston), Eten Bakro (Fransiya), Shant Sargsyan (Armaniston), “Challengers”da Aditya Mittal (Hindiston), Manuel Petrosyan (Armaniston), Aleksandr Raxmanov (Rossiya), “Futures” toifasida Aldiyar Ansat (Qozog‘iston), Artur Davtyan (Armaniston) va Talib Shirog‘lanov (Ozarbayjon) shohsupaga ko‘tarildi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari yakunda tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA