Shavkat Hamroyev uchrashuvda bitiruvchi talabalarni ishga taklif etdi
Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda yosh mutaxassislar, olimlar, talabalar, doktorantlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida universitet rektori Bahodir Mirzayev va vazir Shavkat Hamroyev mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun mavjud sharoitlar haqida batafsil fikr almashdi. Ta’kidlanishicha, mazkur universitet suv xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
O‘z nutqida Shavkat Hamroyev suv xo‘jaligi sohasida ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirish maqsadida universitet bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda tizimga 4000 ga yaqin oliy ma’lumotli mutaxassis ishga qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda yana 1000 nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

E’tiborli jihati, Shavkat Hamroyev uchrashuvda qatnashayotgan barcha bitiruvchi talabalarni suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritish uchun ish bilan ta’minlash bo‘yicha taklif bildirdi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir yakunida talabalar avvalgi uchrashuvlarda bildirilgan murojaat va takliflar amaliy yechim topgani uchun minnatdorlik bildirib, bu safar ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Barcha taklif va tashabbuslar mas’ullar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA