Sharqshunos mutaxassislarning yangi modeli yaratiladi
Prezidentimiz bu qaror bilan, oʻz navbatida, ilgʻor dunyo talablariga javob bera oladigan yangi avlod sharqshunos-kadrlarni tayyorlash masalasini kun tartibiga qoʻydilar.
Yangi dunyo tizimida salmoqli oʻrin tutayotgan ilgʻor Sharq mamlakatlari — Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Singapur singari davlatlarda kechayotgan jadal taraqqiyot jarayonlarining geosiyosiy va sivilizatsion oqibatlari dunyo kuchlarining oʻrni va mavqeini oʻzgarishiga olib kelayotganligi hech kimga sir emas. Ayniqsa, bugungi sinovli, pandemiya sharoitida, Sharq mamlakatlari Gʻarbning rivojlangan davlatlariga qaraganda ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ilmu fan, ham tibbiyot sohasida ilgarilayotganligi yana bir bor yaqqolroq koʻrinib qoldi. Bu esa Oʻzbekistonning Sharq mamlakatlari bilan aloqalarini yoʻlga qoʻya oladigan sharqshunos kadrlarning yangi avlodini tayyorlashni ustuvor vazifaga aylantirmoqda.
Bu masala mohiyatini nihoyatda teran his qilayotgan muhtaram Prezidentimiz ayni ogʻir va sinovli kunlar boʻlishiga qaramasdan taʼlim va ilmu fan sohasi davlatning eng ustuvor yoʻnalishi ekanligini yana bir bor namoyon etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-aprelda “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga “universitet” maqomi berilib, uning yangi XXI asrdagi taraqqiyot bosqichi belgilab berildi.
Prezidentimiz bu qaror bilan, oʻz navbatida, ilgʻor dunyo talablariga javob bera oladigan yangi avlod sharqshunos-kadrlarni tayyorlash masalasini kun tartibiga qoʻydilar.
Shu oʻrinda, ushbu qaror bilan bogʻliq mamlakatimizda sharqshunoslik sohalari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash tizimi va mazkur yoʻnalishni tubdan isloh qilish masalasidagi ayrim mulohazalarimizni sizlar bilan oʻrtoqlashishni lozim deb bildik.
Hozirda dunyoning birinchi yigirmataligidan joy olgan mamlakatlarning yarmi Sharq – Osiyo mintaqasida joylashgan. Qolaversa, Oʻzbekistonning asosiy strategik hamkorlari ham ana shu mintaqada. Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida har qachongidan ham koʻp va sifatli Koreya, Yaponiya, Xitoy, Arab mintaqasi davlatlari, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Turkiya, Eron, Janubiy – Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha mutaxassislarga, umuman, mamlakatimiz manfaatlarini qatʼiy himoya etuvchi sharqshunos-kadrlarga ehtiyoj yuqori.
Qarorda “Sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va maʼnaviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzi, ularning zamonaviy antropologiya va etnologiyasi, tarjimashunoslik, shuningdek, turizm va gid hamrohligi sohalarida zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan, mehnat bozori uchun raqobatbardosh boʻlgan kadrlarni tayyorlash” ishi birlamchi vazifa qilib belgilangan.
Shundan kelib chiqib, ushbu vazifa asosida sharqshunoslik sohasi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari doirasi yana-da kengayadi va talabalarga koʻp profilli universitet taʼlimi joriy etiladi:
Birinchidan, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunosligi boʻyicha Sharq mamlakatlarining iqtisodiy siyosati, bu mamlakatlardagi ishlab chiqarish kuchlari va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tuzilishi, xorijiy Sharq mamlakatlari iqtisodiyotida yuz berayotgan tarkibiy oʻzgarishlar, iqtisodiyotining oʻsish va taraqqiy etish omillari, ularning mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokini oʻrganish, sharq mamlakatlarida kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish omillari, mehnat migratsiyasi muammolari, investitsion siyosat tamoyillari, geoiqtisodiyot va milliy taraqqiyot xususiyatlari, globallashuv va mintaqaviy integratsiya, sharq mamlakatlari iqtisodiyotidagi diversifikatsiya jarayonlarini oʻzlashtirgan sharqshunos-iqtisodchi mutaxassislarning yangi avlodi tayyorlanadi.
Ikkinchidan, jahon siyosati sohasi boʻyicha taʼlim jarayonida xalqaro hamjamiyatlar, jahon taraqqiyoti, davlat va nodavlat tashkilotlari muammolari; iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillar tahlili va ularning xalqaro siyosatdagi oʻzaro munosabati, sharq mamlakatlarining ichki va tashqi siyosati tamoyillari, ularning dunyo geosiyosatidagi oʻrni va taʼsiri, Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati, xorijiy sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari, ichki va tashqi tahdidni yuzaga keltiruvchi omillar boʻyicha siyosiy jarayonlarni umumlashtirish, analitik sharhlash va toʻgʻri baho berish koʻnikmalariga ega boʻlgan sharqshunos-siyosatshunos-tahlilchilar yetishtiriladi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo va xorijiy Sharq mamlakatlari xalqlarining tarixi, moddiy madaniyati, ushbu mintaqa xalqlari tomonidan yaratilgan qadimgi va oʻrta asrlarga tegishli yozma yodgorliklar, tarixiy manbashunoslik va tarixnavislik, etnoijtimoiy va etnomadaniy muammolar, yozma manbalar asosida Markaziy Osiyo xalqlari hamda xorijiy Sharq mamlakatlarining obyektiv tarixini oʻrganish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga qodir sharqshunos-tarixchilar tayyorlanadi.
Toʻrtinchidan, Sharq mamlakatlarining tili va adabiyoti yoʻnalishida Sharq xalqlarining adabiy tili va uning dialektlari, oʻrganilayotgan mamlakatdagi til vaziyati, lingvostilistika, tillarning qiyosiy-tarixiy va tipologik masalalari, sharq tillarini oʻrganishning psixologik aspektlari, til oʻqitishning zamonaviy texnologiyalari, kognitiv, kompyuter, korpus tilshunosligi, lingvomadaniyatshunoslik, sharq xalqlari adabiyoti va adabiyotshunoslik maktablari, adabiyot nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik, poetika, zamonaviy adabiy jarayonlar hamda adabiy tanqid koʻnikmalarini oʻzlashtirgan sharqshunos-filologlar tayyorlanadi.
Beshinchidan, mumtoz meros boʻyicha mutaxassis modelida klassik arab, fors va turkiy (eski oʻzbek) tillarda yozilgan, yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan yozma obidalar, qadimgi va oʻrta asrlar yodgorliklarining manbashunoslik, matnshunoslik va sof filologik tahlili, qadimgi xitoy, sanskrit (hindiy), soʻgʻd tillarida yaratilgan mamlakatimiz tarixiga oid yozma yodgorliklarni ham tadqiq etish malakasi bilan qurollangan manbashunos va matnshunoslarning yangi avlodi tayyorlanadi.
Oltinchidan, tarjima nazariyasi va amaliyoti taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tarjimashunoslikning lingvomadaniy aspektlari, sinxron va ketma-ket tarjima masalalari, oʻzbek adabiyoti namunalarini sharq xalqlari tillariga tarjima qilish, shuningdek, sharq tillaridan oʻzbek tiliga badiiy tarjimani amalga oshirish koʻnikmalariga ega sharqshunos-tarjimashunoslarning navqiron avlodi yetishtiriladi.
Yettinchidan, turizm va gid hamrohligi yoʻnalishida sohaning rivojlanish tendensiyalarini yaxshi oʻzlashtirgan, Buyuk ipak yoʻli brendi va Ziyorat turizmi yoʻnalishlarini chuqur egallagan, yurtimiz va sharq mamlakatlaridagi sayyohlik yoʻnalishlarini ilmiy jihatdan oʻzlashtirgan mutaxassislar tayyorlanadi.
Sakkizinchidan, Sharq falsafasi yoʻnalishi doirasida sharq falsafasi tarixi, oʻtmish va hozirgi zamon falsafiy anʼanalarining vorisiyligi, Sharq xalqlari madaniyati va falsafiy qarashlari orasidagi oʻzaro bogʻliqlik, Sharq xalqlarining ijtimoiy fikr taraqqiyoti, uning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni, qadimgi sharq tillaridagi falsafiy manbalarni tadqiq etish va ularni tarjima qilish, sharq xalqlari madaniyatining oʻzaro taʼsiri, aksiologiya va diniy bagʻrikenglik masalalarini egallagan sharqshunos-faylasuf yetishtiriladi.
Buning uchun jahonda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlar, ularning dunyo taraqqiyotiga taʼsiri masalalarini chuqur oʻrganish, Osiyodagi eng yirik mamlakatlar va Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlarning milliy manfaatlari kesishgan nuqtalarni aniqlab, milliy maqsadlarga yoʻnaltirilgan, chuqur ilmiy asoslangan zamonaviy sharqshunos tayyorlashning oʻquv va ilmiy jarayoni tashkil etiladi. Qotib qolgan taʼlim standartlaridan voz kechilib, bozor tamoyiliga asoslangan egiluvchan va tez moslashuvchan oʻquv rejalari ishlab chiqiladi, zamonaviy taʼlim talablariga javob beradigan kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich oʻtiladi.
Oliy taʼlim muassasasida bundan keyin ilmiy-pedagogik, oʻquv-uslubiy hamda moddiy-texnik salohiyatga ega universitet maqomida butun mintaqamiz sharqshunosligi boʻyicha oʻziga xos ilm-fan va taʼlim oʻchogʻi oʻlaroq mutaxassislar tayyorlashning koʻp tarmoqli universitetga xos kompleks tuzilmasi yuzaga keladi.
Mazkur hujjat bilan tarixda oʻtgan barcha ulugʻ ajdodlarimiz va mamlakatimiz sharqshunosligining ulkan dargʻalari, millatning ilmu urfon tafakkurida bebaho asarlari bilan katta hissa qoʻshgan sharqshunoslar – Azizxon Qayumov, Boʻriboy Ahmedov, Muzaffar Xayrullayev, Sabohat Azimjonova, Suyima Gʻaniyeva, Alibek Rustamov, Asomiddin Oʻrinboyev, Shoislom Shomuhammedov, Ubaydulla Karimovlarning orzu-umidlari ushalib, ruhlari shod boʻlmoqda.
Umuman, sharqshunoslik bilan bogʻliq ushbu qaror dunyo sharqshunoslik markazlari ichida Toshkent sharqshunoslik maktabining oʻrni va nufuzini yangi bosqichga olib chiqishga katta imkoniyat eshiklarini ochadi.
Universitet jamoasi bildirilgan ulkan ishonch masʼuliyatini chuqur his qilgan holda qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yoʻlida bir yoqadan bosh chiqarib, katta ichki fidoyilik bilan oʻz mehnatlari orqali oqlashlariga ishonamiz!
Qudratulla OMONOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori,
filologiya fanlari doktori, professor