Sharof Rashidov haqida yangi kitob
Sharof Rashidov haqida yana bir yangi asar paydo bo‘ldi. Belarus Respublikasining poytaxti Minsk shahridagi “Alfa-kniga” nashriyoti o‘zbek muallifi Ismat Kuchiyevning “Sharaf Rashidov: POBEDITEL” (“Sharof Rashidov: G‘OLIB, MUZAFFAR”) nomli qariyb 500 betli kitobini 3 ming nusxada, rus tilida nashrdan chiqardi.
Kitob muallifi Sharof Rashidovga ruhan yaqin shaxs, u publitsist, yozuvchi, shoir va jamoat arbobi. Sharof Rashidovning 70- yillardagi, 80- yillar boshidagi dramatik hayotini, uning ijodini, faoliyatini yaxshi biladigan kishidir.
Asarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning:
“Xalqimizning buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov el-yurtimiz uchun fidoyi rahbar, betakror va benazir shaxs edi…
Har qanday murakkab sharoitda ham el-yurtimiz manfaatini o‘ylab yashagan Sharof Rashidovning buyuk xizmatlari xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qoladi.
Hech shubha yo‘qki, Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi.
Muqaddas kitoblarimizda alohida ta’kidlab o‘tiladiki, yaxshilikning mukofoti yaxshilik bo‘ladi», degan so‘zlari keltiriladi.
Kitobning ilk sahifasiga “Sharof Rashidovich Rashidovning yorqin xotirasiga bag‘ishlanadi”, deb yozib qo‘yilgan va uning “G‘oliblar” romanidan olingan “Yashayotganingdek yashagin... Hormay-tolmay mehnat qil. Senga topshirilgan ishga bor kuchingni safarbar et. Mana shuning o‘zi sening har kuni sodir etayotgan qahramonligingdir” degan so‘zlari keltiriladi.
Asarda Sharof Rashidovning hayot yo‘li, o‘sha davrdagi murakkab muhit va taniqli o‘zbek farzandi faoliyatiga aloqador hali ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan voqealar to‘g‘risida hikoya qilinadi.
I.Abduxoliqov,O‘zA