Sharifa Davronova yana barchadan ustun keldi
Yengil atletikachimiz Sharifa Davronova AQSHning Oregon universiteti jamoasi safida talabalar o‘rtasidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishda davom etmoqda.
27–30-may kunlari NCAA chempionatining final bosqichiga saralash vazifasini o‘tagan G‘arbiy mintaqadagi oliy ta’lim muassasalari jamoalari o‘rtasida bahslar tashkil etildi.
Ayollar o‘rtasida uch hatlab sakrash bahslarida 48 nafar sportchi ishtirok etdi. Saralash natijalariga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan 12 nafar atlet hal qiluvchi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Quvonarlisi, hamyurtimiz Sharifa Davronova 13,92 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Bu uning talabalar chempionatlaridagi ketma-ket ikkinchi g‘alabasi bo‘ldi.
Avvalgi debyut musobaqasida ham tengsiz bo‘lgan Sh.Davronova yana bir bor o‘zining yuqori sport mahoratini namoyon etdi.
Endi 10–13-iyun kunlari Oregon shtatining Yujin shahrida joylashgan Oregon universiteti stadionida NCAA final bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha G‘arbiy va Sharqiy mintaqalardan saralangan 12 nafardan sportchi chempionlik uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA