Sharafli kasb, samarali mehnat e’tirofi
Yurtimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida keng nishonlanmoqda.
Xususan, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida ham mustaqilligimizning 32 yilligi va “Neft va gaz sanoati xodimlari” kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Filial direktori O‘tkir Fayziyev barcha tizimda bo‘lgani kabi gaz ta’minotida ham yaratilayotgan imkoniyatlar, sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Tizim xodimlarining mehnati, faoliyatini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati, viloyat Nuroniylar kengashi raisi S. Husenov qatnashdi. Soha vakillarining sharafli kasbidagi mashaqqati, mas’uliyatini tilga oldi. Har bir kunda va har daqiqada ularning hushyorligi, tezkorligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, xodimlarning mehnati, jamoadagi o‘rni, shijoati, qadri borligi, aholi farovonligi hamda turmush sharoitini har qanday faslda yanada yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganligini qayd etdi.

Bayram dasturida tizimda 20 yildan ortiq mehnat qilib, nafaqaga chiqayotgan bir guruh faxriylar gaz ta’minoti filiali, boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan e’tirof etildi. Bugunga qadar olib borgan mehnat faoliyati sharaflandi. Quvonarlisi, har birining tizimdagi o‘rni, shijoati, mashaqqati tilga olindi. Erishgan natijasi o‘rnak qilib ko‘rsatildi.

Shuningdek, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamda samarali mehnat qilayotgan, fidoyi xodimlar Boshqaruv raisining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA