Shaharlik ham dehqonchilik qila oladi
Lekin shaharlar aholisi uchun bu imkoniyat cheklangan, deyarli yoʻq hisobi.
Bu yilgi pandemiya sharoiti, qolaversa, kambagʻal oilalarni moddiy-qoʻllab-quvatlash uchun boshqa yoʻnalishlar qatori joylarda qishloq xoʻjalik kooperativlari tashkil etilib, ishsiz, hech qanday daromad manbaiga ega boʻlmagan kishilarga yer maydonlari ajratib berildi.
Qishloq tumanlarida bu masalada deyarli muammo boʻlmadi – foydalanilmay turgan yoki suv yetib bormaydigan yerlar topildi. Lekin shaharlar aholisi uchun bu imkoniyat cheklangan, deyarli yoʻq hisobi.
Kattaqoʻrgʻon shahrida esa bunday imkoniyat boʻlsa-da undan foydalanishga mutasaddilarda ham, aholida ham yurak dov bermas, hafsala qilinmasdi. Chunki, Ingichka deb nomlangan dasht, suv taʼminoti muammo boʻlgan hududdagi yerlarni oʻzlashtirish oson emasligi kunday ravshan edi.
Ammo shaharning yangi hokimi ayol kishi boʻlsa-da shu ishga qatʼiy kirishdi, hafsala qildi. Gavhar Alimova joriy yil mart oyida Ingichkada 16 gektar ekin maydonida kooperatsiya shirkati tashkil etishni boshlaganida koʻpchilik bu gʻoyaga ishonmagan boʻlsa ham, rahbar hurmati uchun ortidan ergashdi.
Xarajati katta, mehnati ogʻir boʻlishiga qaramay qariyb 1,5 kilometr masofadan suv quvuri tortib kelindi. 16 gektar yer maydoni tanlanib, 40 ta ehtiyojmand oilaga boʻlib berildi. Yerga ishlov berish, urugʻlik bilan taʼminlashda ham bu oilalarga koʻmak berildi. Maqsad – odamlarni shu yerdan samarali foydalanishga, shu yerni oilasini ogʻir vaziyatdan chiqarishning imkoniyati deb bilishga oʻrgatish edi. Bugun gʻalvir suvdan koʻtarilgan paytda bu harakatlar besamar ketmagani, hokim opa adashmagani isbotlandi.
– Yillar davomida foydalanilmagan maydon oʻzlashtirilgach, kutilgandan ziyod natija berdi, – deydi Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi G.Alimova. – Biz yer ajratganimizda koʻproq kambagʻallikdan chiqishga harakat qilayotgan, mehnat qilishdan qochmaydigan oilalarga eʼtibor qaratgan edik. Endi shu tajribadan kelib chiqib, 500 gektar yerni oʻzlashtirishni va shahrimizdagi oilalarga boʻlib berishni koʻzlab turibmiz.