Shaffoflik, adolat, tenglik eng muhim omil
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillarining joylarda ochiq muloqot va sayyor qabullari boshlandi.
Dastlabki uchrashuv Farg‘ona davlat universitetida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari uchun tashkil etildi. Talantli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish, ularni sohaga qiziqtirish maqsadida tashkil etilgan muloqot avvalida talabalarga sohadagi o‘zgarishlar, "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Davlat fuqarolik xizmatida ishlashning ahamiyati, meritokratiya tamoyili asosida ishga kirish tartibi bo‘yicha fikr-mulohazalar almashilmoqda.

— Universitetni bitiryapmiz, ishga joylashishni o‘ylab yurgandik, muloqot o‘z vaqtida tashkil etildi va biz uchun samarali bo‘ldi. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik. Ishga kirishda shaffoflik, adolat, tenglik yaratilgani bizni xursand qildi, — deydi Farg‘ona davlat universiteti 4-bosqich talabasi Islomxon Jahongirov. Ahamiyatlisi, bugun talabalar Farg‘ona davlat universiteti Axborot resurs markazida Davlat xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi — test.argos.uz orqali namunaviy test sinovidan o‘tishdi.

Talabalar bilimining qay darajada ekanligini aniqlab olib, sohalar bo‘yicha ilmini yanada mustahkamlab borishni maqsad qilishdi.
Ma’lumot uchun test savollari axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, ma’naviyat, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, muloqotda ishtirok etayotgan viloyatdagi boshqarma va tashkilotlarning Inson resurslari bo‘yicha mas’ul rahbarlari mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan yoshlar bilan suhbatlashishdi.


Farg‘ona uchun tashkil etilgan Dastur doirasida Farg‘ona viloyatidagi davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida ishga kirishdagi ochiqlik va shaffoflik tamoyilidagi mavjud kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqot, davlat fuqarolik xizmati sohasida faoliyat yuritib kelayotgan davlat xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish maqsadida sayyor qabul, davlat xizmatiga birinchi marotaba kirayotgan nomzodlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zA