Sex ustasining qilmishi fosh bo‘ldi
DXX Buxoro viloyati boshqarmasi hamda viloyat Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari ishtirokida joriy yilning 23 fevral kuni olib borilgan tadbir davomida 2022 yil 4 iyulda Qo‘ng‘iroq Lokomotiv deposidan Buxoro Lokomotiv deposining ta’mirlash sexiga olib kelingan ZTE10M-5047-raqamli 3-seksiyadan iborat teplovozning yoqilg‘i baki mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.
Natijada depoda sex ustasi bo‘lib ishlab kelayotgan moddiy javobgar fuqaro T.A. ga topshirilgan ushbu teplovozning “B” seksiyasida hujjat bo‘yicha (bort jurnali) jami 2.919.0 (3.475 litr) kg. dizel yoqilg‘isi bo‘lishi lozim bo‘lsada, ammo 1.344 (1600 litr) kg. dizel yoqilg‘isi mavjud bo‘lib, shundan 1575 (1875 litr) kg dizel yoqilg‘isi kamomadi aniqlanib tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro T.A. o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan. Mazkur holat yuzasidan fuqaro T.A.ga nisbatan O‘zR JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA