Sergelidagi portlash oqibatlari bartaraf etildimi? (+video)
Toshkent shahri Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan “Interlogistics” MCHJ hududidagi omborxonada joriy yilning 28 sentyabr kuni sodir bo‘lgan yong‘in va portlash oqibatida 163 nafar kishi jabrlangan. O‘tgan davr mobaynida barcha jabrlanganlarga ko‘maklashildi. Jarohatlangan fuqarolarning salomatligi tiklandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kunning o‘zida aholining muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida “1205” qisqa raqamli “Call-centyer” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazga kelib tushgan 450 dan ortiq murojaatning barchasi ijobiy hal etilgan.
Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Olingan ma’lumotlarga qaraganda bugungi kunda aholi xonadonlari va ko‘p qavatli uylarga yetkazilgan zarar to‘liq bartaraf etilgan.
Favqulodda vaziyat natijasida hududdagi 305-sonli umumta’lim maktabi va 600-sonli bog‘chaning deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.
Bugungi kunda ushbu ob’ektlarda pudrat tashkilotlar tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga maktab binosi yonidan yangi to‘rt qavatli qo‘shimcha bino ham qad rostlamoqda.
Hozirda 2200 nafardan ziyod o‘quvchi qurib berilgan vaqtinchalik joyda dars mashg‘ulotlariga qatnamoqda. O‘quvchi va pedagoglar jamoasi uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan.
Intervyu:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/haPHe_Mh48A" title="Sergelidagi portlash oqibatlari bartaraf etildimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shu yilning yakuniga qadar o‘quvchilarni qayta ta’mirlangan maktab binosiga ko‘chirish mo‘ljallanmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA