Serbiyada jahon boksining yangi yulduzlari kashf etiladi
Bugun 22 oktyabr kuni erta tongda 27 nafar sportchi va mutaxassislardan iborat boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Serbiyada o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Poytaxtdagi “Islom Karimov” xalqaro aeraportida 21-jahon chempionatida qatnashadigan vakillarimizni kuzatish marosimida O‘zA muxbiri ham ishtirok etib, delegatsiya a’zolaridan qisqa intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.

– Belgradga 13 nafar bokschi, 11 nafar murabbiy va 3 nafar mutaxassisdan iborat tarkib bilan yo‘l olmoqdamiz. Jahon boksidagi tarixiy chempionatda qatnashamiz. Bunday deyishimning sababi, biz ushbu nufuzli musobaqaga o‘tgan chempionatning g‘olib jamoasi sifatida kirib boryapmiz. Maqsadimiz, undan yana g‘olib bo‘lib qaytish, – deydi temar jamoa bosh murabbiyi Marat Qurbonov.
– Kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk marta ishtirok etaman. Ochig‘i, u qadar hayajonga berilganim yo‘q. Nasib bo‘lsa, chempionatdan yorug‘ yuz bilan qaytamiz. Vaznimda kim kuchliligi borasida hozirdan bashorat qilmoqchi emasman. Chempionatda kuchsiz bokschi bo‘lmasligi aniq. Barchasini ring ko‘rsatadi, – deydi 2018 yilgi yoshlar olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Xalakov.

– Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazgan mashg‘ulotlarimiz Serbiyada qo‘l keladi, deb o‘ylayman. Tokio olimpiadasida ko‘zlangan natijaga erisha olmadim. Ayrim holatlarda o‘zim xato qildim. Belgrad ringlarida har bir raundda ustunlik uchun kurashaman, – deydi 2019 yilgi jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov.
– Ko‘z tegmasin, 13 nafar bokschimizning salomatligi yaxshi. Reja asosida salomatligini nazorat qilib boraman. Asosiysi, jamoaning kayfiyati a’lo, – deydi jamoa shifokori Komiljon Rasulov.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi joriy yilning 24 oktyabr kuni kechki payti Belgrad shahridagi “Shtark Arena” majmuasida o‘tkaziladi.

Nufuzli musobaqaning saralash bahslariga 25 oktyabrda start beriladi. Chempionatning so‘nggi final janglari 6 noyabrda bo‘lib o‘tadi. 21-jahon chempionatida 105 ta davlatning 650 nafar bokschisi 13 ta vazn toifasida ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 2,6 million AQSH dollari etib belgilangan. Oltin medalga musharraf bo‘lgan bokschilar 100 ming AQSH dollari, kumush medal sohiblari 50 ming AQSH dollari, bronzani qo‘lga kirtganlar 25 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot pullari va g‘oliblar chempionlik kamarlari bilan taqdirlanadi.
AIBA tomonidan e’lon qilingan ruyxatga ko‘ra, Serbiyadagi jahon chempionatida havaskor boks olamining bugungi yorqin yulduzlari kubalik jahon chempionlari Endi Kruz Gomes, Roniel Iglesias, Arlen Lopes va Xulio La Krus, jahon chempionati sovrindori ukrainalik Sotne Rogava va hamyurtimiz, jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov va Shahobiddin Zoirov, qozog‘istonlik "Tokio-2020" o‘yinlari bronza medali sohibi Saken Bibosinov, yoshlar olimpiadasi g‘olibi Oybek Oralboy, armanistonlik Oganes Bachkov, Ozarbayjon terma jamoasi a’zosi, asli kubalik Loren Alfonso, braziliyalik Abner Teysheyra, filippinlik Eumir Marsyal kabi taniqli bokschilar qatori hamyurtlarimiz, dunyo boksining eng nomdor nishoni “Vela Barker” sohibi Xasanboy Do‘smatov, Shaxram G‘iyosovlarni qatnashishini e’tiborga olsak, Serbiya ringi katta shov-shuvlar maydoni bo‘lishi shubhasiz.
Jahon boks “kemasi” Belgradda viqorli yuksalashiga erishishi orqali dunyo havaskor boksining yangi nomlarini, yangi chempionlarini kashf etishi shubhasiz. Ular qatorida “O‘zbek yo‘lbarslari” ham bo‘lishini juda-juda istardik. Belgradga katta orzular bilan yo‘l olgan iste’dodli sportchilarimizga Serbiya shoxsupalarida zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA