Sening ovozing – sening kelajaging
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Navoiy viloyati bo‘limida joriy yilgi saylovda birinchi bor ishtirok etayotgan yoshlar ishtirokida “Sening ovozing – sening kelajaging” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Navoiy viloyati bo‘limida joriy yilgi saylovda birinchi bor ishtirok etayotgan yoshlar ishtirokida “Sening ovozing – sening kelajaging” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Navoiy shahridagi bir qator umumta’lim maktablarining joriy yil saylovda ishtirok etadigan o‘quvchilari, viloyat saylov komissiyasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari, siyosiy partiyalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tadbirda yosh saylovchilar milliy saylov qonunchiligimizdagi yangiliklar, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovchilarning huquq va burchlari, har bir ovozning ahamiyati haqidagi batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
Shundan so‘ng, yoshlar siyosiy partiyalar vakillariga partiyalarning saylovoldi dasturi, o‘z oldiga qo‘ygan g‘oyalarining mazmuni, partiyalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida turli savollar bilan murojaat qildi. Ayniqsa, deputatlik vakolatlari va deputat ishining nazorati qanday bo‘lishi, partiyalar oldida turgan vazifalarni qay darajada amalga oshirayotganligi yoshlarimizni qiziqtirdi.
Debatda yosh deputatlarning o‘z partiyalari manfaatlarini himoya qilgan holda bildirgan fikrlari barchaning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
– Tadbirda men saylov to‘g‘risida o‘zimga kerak bo‘ladigan barcha ma’lumotlarga ega bo‘ldim, – deydi 7-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Faxriyor Baxtiyorov. – Siyosiy partiya vakillari bilan bo‘lgan bunday uchrashuv ularning maqsad va vazifalari haqida to‘liq ma’lumot olishimizda yordam berdi. Men bugun saylovda ishtirok etib ovoz berishim, o‘z kelajagim, vatanim ravnaqi uchun naqadar muhimligini yana bir bor angladim. 22 dekabrda bo‘ladigan saylovlarda shaxsan ishtirok etib, munosib deb bilgan nomzodimga ovoz beraman.
Tadbir davomida yosh saylovchilarga saylov qonunchiligi haqida to‘liq ma’lumot beruvchi tarqatma flaerlar tarqatildi.