Senatorlarning vakolat muddatidagi soʻnggi yalpi majlis
Unda faoliyat natijalari tahlil etilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, ToshkentdaOʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi majlisi davom etmoqda.
Majlisni kirish soʻzi bilan ochgan Senat raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kunidagi tantanali marosimdagi maʼruzasiga toʻxtalib oʻtdi.
Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchligimiz va taraqqiyotimiz aynan qonun ustuvorligiga bevosita bogʻliqligi maʼruzada qayd etilgani haqqoniy fikr ekaniga urgʻu berildi.
Muhimi, har bir inson jamiyatdagi oʻzgarishlar samarasini nafaqat oʻz hayoti misolida koʻrmoqda, balki ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
- Odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bosh maqsadimizga aylanib, bu yoʻlda erishayotgan yutuqlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda, - dedi T.Norboyeva. - Bularning barchasi, shubhasiz, qonun ustuvorligini taʼminlash mamlakatimiz taraqqiyotining eng asosiy sharti sifatida belgilangani, turli darajadagi vakillik va boshqaruv idoralarining faoliyati ana shu maqsad yoʻlida safarbar etilganligi natijasidir. Bu jarayonda parlament, xususan Senatning ham alohida oʻrni bor.
Mazkur majlis senatorlarning vakolat muddatidagi soʻnggi yalpi majlis ekani ham aytib oʻtildi. Shu bois Senatning besh yillik faoliyati tahlil etildi. Senatning besh yillik faoliyati fakt va raqamlarda aks etgan videorolik namoyish etildi.
Qayd etilganidek, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida Senat faoliyati tubdan takomillashtirildi. Turli masalalar boʻyicha yangi qoʻmitalar, tuzilmalar tashkil etildi.
Senatning qonun ijodkorligi faollashdi. Agar 2010–2014-yillarda Senat tomonidan jami 140 qonun maʼqullangan boʻlsa, 2015-yildan bugungi kungacha 220 dan ziyod qonun koʻrib chiqildi.
Eʼtiborlisi, qonunlarning 186 tasi soʻnggi 3 yilda maʼqullangan. Bu keyingi yillarda mamlakatimizda islohotlarning naqadar shiddatli kechayotganidan darak beradi.
Senatda amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni Senat raisi maʼruzasida roʻy-rost aks ettirilgan.
Maʼruzani eshitishda va sizga yetkazishda davom etamiz.
Saytimizni kuzatib borishda davom eting!