Senatorlar va mahalliy kengashlar deputatlarining nazorat faoliyati samaradorligi yanada oshiriladi
Oliy Majlis Senatida Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda parlament ishtiroki, senatorlar va mahalliy kengashlar deputatlarining nazorat faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari tomonidan energetika sohasini rivojlantirish va mahallalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining mavjud mexanizmlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva senatorlar va mahalliy kengashlar deputatlari joylardagi muammolarni tizimli o‘rganishi, ularni bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida amaliy choralar ko‘rishi zarurligini ta’kidladi.
Parlamentning asosiy vazifasi ijro hokimiyati faoliyati ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish, davlat dasturlari va qabul qilingan qarorlarning hududlardagi ijrosini tahlil qilish, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Uchrashuvda yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish, hisobga olish tizimidagi muammolarni bartaraf etish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarga qaramasdan, elektr ta’minotidagi uzilishlar, avariyalar sonining ortishi, energiya yo‘qotishlari va hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolar aholi hamda tadbirkorlarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan har bir senator va mahalliy kengash deputatiga bir hafta muddatda o‘z saylov okrugidagi energetika sohasidagi holatni joyiga chiqqan holda o‘rganish, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish, aniqlangan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ularning ijrosini doimiy nazorat qilib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Senat qo‘mitalari zimmasiga mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda hududlarda o‘rganishlar tashkil etish, tizimli muammolarni sayyor majlislarda muhokama qilish va respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli takliflar kiritish vazifalari yuklatildi.
Elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tashkil etish, zarur zaxiralarni shakllantirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash masalalarini doimiy parlament va deputatlik nazoratida ushlab turish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, mikroloyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish hamda davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha vazifalar ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mahallalarda yaratilgan huquqiy, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlarning samarasi, eng avvalo, joylardagi rahbarlarning faoliyati, o‘zaro hamkorligi va shaxsiy mas’uliyatiga bog‘liq.

Shu munosabat bilan senatorlar va mahalliy kengashlar deputatlariga o‘z saylov okruglaridagi "mahalla yettiligi" bilan tizimli hamkorlik qilish, mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda aholini qiynayotgan muammolarni mas’ul idoralar bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida mahallalarni obodonlashtirish, xavfsiz va ozoda muhit yaratish ishlariga aholini keng jalb etish muhim vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Muhokama yakunida Prezident tomonidan belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, parlament va deputatlik nazorati samaradorligini yanada oshirish, mahalliy kengashlarning nazorat vakolatlaridan to‘liq foydalanish hamda aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA