Senator va Ombudsman mahkumlar bilan uchrashdi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova Qarshi shahridagi 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib, u yerda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan uchrashdi.
Davra suhbatida Markazning viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova so‘zga chiqib, ishtirokchilarga Senatning o‘ninchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar mazmun-mohiyati haqida keng ma’lumot berdi.

– Senatning o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ma’qullandi, – deydi senator Komila Karomova. – Ushbu qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning oila va jamiyatdan uzilib qolishini oldini olish, kitob o‘qishini rag‘batlantirish orqali qonunga itoatkor, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgani bilan keng ahamiyatga molik.

Shu bilan birgalikda, tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksini jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan to‘ldirilayotgani qayd etildi. Bunda mahkumlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan tegishli ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi tushuntirildi.

Tashrif davomida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, turkum yotoqxonalari, maishiy xonalar, oshxonalar ahvoli, kutubxonalar, davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududlari hamda ish joylari o‘rganilib, mahkumlar bilan jamoaviy hamda yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbir so‘nggida senator Komila Karomova hamda Ombudsman Lola Saodatova tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri