Senator Mirobod tumanida ta’lim muassasalari faoliyati va yoshlar masalalarini o‘rgandi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova Mirobod tumanida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi hamda bir qator ijtimoiy muassasalar faoliyatini o‘rgandi.
Toshkent temiryo‘lchilar texnikumida tashkil etilgan ochiq muloqotda xalq deputatlari Mirobod tumani kengashi deputatlari va kengash kotibiyati mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Xususan, yoshlarni xorijiy tillar va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni kengaytirish, texnikum yotoqxonasini ta’mirlash hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga oid taklif va mulohazalar bildirildi.
Tashrif doirasida senator Mirobod tumanidagi “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda maktabgacha yoshdagi bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni va moddiy-texnik baza ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish davomida markaz rahbariyati tomonidan tibbiyot xonasini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda bolalar maydonchasini kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Mazkur masalalarni belgilangan tartibda o‘rganib chiqish va tegishli tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga tavsiyalar berildi.
Senator Mirobod tumanidagi 154-umumta’lim maktabida tashkil etilgan robototexnika sinfi faoliyati bilan tanishdi. Mashg‘ulotlar jarayoni, o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ta’lim dasturlarining mazmuni o‘rganildi.
Muloqotlar davomida robototexnika ta’limini yanada kengaytirish, yuqori yosh toifasidagi o‘quvchilarni qamrab olish, qo‘shimcha o‘quv xonalari tashkil etish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Bildirilgan taklif va murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, ularning ijrosini ta’minlash hamda yoshlar va ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA