Senator fuqarolar bilan dastlabki uchrashuvini o‘tkazdi
Unda Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Oliy Majlis Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxonov Namangan shahridagi 53-sonli umumta’lim maktabida Nurobod, Navro‘z va Gulshan mahallalarida yashovchi fuqarolar bilan dastlabki uchrashuvini o‘tkazdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Shundan so‘ng uchrashuvda senator mazkur mahallalar aholisini qiynayotgan muammolar xususida suhbatlashdi.
– Hududimizning eng katta muammolaridan biri ichimlik suvi ta’minoti bo‘lib kelyapti, — dedi “Nurobod“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akramjon Rahmonov. – O‘n-o‘n besh yillardan beri aholini qiynab kelayotgan bu muammo Shimoliy Farg‘ona kanalining ta’mirlanishi munosabati bilan bugunga kelib yanada o‘tkirlashdi. Biz senator va deputatlarimizdan shu masalada amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘raymiz.
Mahalla ahli nomidan murojaat qilgan raisning ushbu murojaati yuzasidan senator tomonidan shu joyning o‘zida yechim topildi. Ya’ni, ushbu mahallalarning har biriga ikkitadan — 6 ta maxsus mashina biriktirilib, kundalik ehtiyoj uchun ichimlik suvi yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi va ertasigayoq suv tashuvchi mashinalar mahallalarga suv olib kelishni boshladi.
– Bu, albatta, vaqtinchalik chora, — dedi N.Abdullaxonov. – Muammoga butunlay barham berish uchun esa mahalliy hokimliklar, ta’minotchi korxonalar mutasaddilari bilan atroflicha o‘rganish asosida chora ko‘rish taqozo etiladi. Yaqin kelajakda hududda artezian qudug‘i tushirish yoki yangi tarmoq tortish singari loyihalar, ularni moliyalashtirish manbalari xususida takliflar kiritishga va’da beraman.
Shuningdek, uchrashuvda fuqarolar tomonidan 53-sonli umumta’lim maktabi oldidagi keyingi paytda yo‘l-transport hodisasi tez-tez sodir bo‘layotgan chorrahaga svetofor o‘rnatish masalasi ko‘tarildi. Avval ham Mashrab va Axsikent mahallari aholisidan xuddi shunday masala bo‘yicha murojaatlar bo‘lgan va N.Abdullaxonov o‘sha paytda viloyat kengashiga yangi saylangan deputat sifatida bu masala yuzasidan tegishli idoralarga deputatlik so‘rovi yo‘llagan edi. Ayni har viloyat yo‘l harakati xavfsizligi hamda yo‘l qurilishi boshqarmalari tomonidan mazkur mahallalardagi chorrahalarga svetoforlar o‘rnatish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda.