Senator Farg‘onada sayyor qabul o‘tkazdi
FOTOREPORTAJ
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator M.Salimova Farg‘ona viloyat bandlik bosh boshqarmasida bo‘lib, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Senator dastlab boshqarma jamoasi va ishchi guruh a’zolariga yaqinda bo‘lib o‘tgan SHHTning Samarqand sammitida o‘zbek diplomatiyasi erishgan tarixiy natijalar va Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini tushuntirdi.
O‘rganish davomida hokimliklar huzuridagi hududiy shtablar faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilgani, tuman va shaharlarda “mahallabay” ishlash asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali hokim yordamchilari ko‘magida fuqarolar bandligi ta’minlangani tahliliy sarhisob qilindi.
[gallery-8873]
Kuning ikkinchi yarmida senator M.Salimova Farg‘ona shahrida fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati binosida bo‘lib o‘tgan qabul chog‘ida senatorning shaxsiy qabulini so‘rab murojaat qilgan farg‘onalik murojaatchilarning masalalari ko‘rib chiqildi.
Qabulga murojaatlardagi sohaga aloqador viloyat boshqarma va idoralar boshliqlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari jalb etildi.
Murojaatlar asosan, xotin-qizlarga ta’lim sohasida berilayotgan imtiyozlar, kommunal to‘lovlardagi tushunmovchiliklar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘ligini tiklash hamda aholi bandligini ta’minlash yuzasidan bo‘lib, qabul jarayonida mazkur masalalar o‘z yechimini topdi.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA