Senatda memorandum imzolandi, yoshlar maslahat guruhlari faoliyati samaradorligi ko‘rib chiqildi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum parlament nazoratini ilmiy-uslubiy jihatdan mustahkamlash hamda qonun ijodkorligi sifatini oshirishga qaratilgan.
Parlament faoliyatini ilmiy-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qonun ijodkorligi jarayonining samaradorligini oshirish, qonunchilik jarayoniga ilmiy yondashuvni keng joriy etishga e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xalqaro munosabatlar va iqtisodiy diplomatiya masalalari yuzasidan konferensiyalar, davra suhbatlari va ochiq muloqotlar tashkil etishda ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish bo‘yicha hamkorlikda ish olib boriladi.

***
Senatda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari huzuridagi Yoshlar maslahat guruhlari faoliyatini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda vazirlik va idoralar mas’ullari, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, mahalliy kengashlarning yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari hamda yoshlar maslahat guruhlari a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda Yoshlar maslahat guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularni qonun ijodkorligi jarayonlariga faol jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Ma’ruzalarda xalqaro tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Yuksalish” umummiliy harakati hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari tomonidan yoshlar ishtiroki va ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Ishtirokchilar yoshlar bilan bog‘liq mavjud muammolar va ularni bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratdi. Tadbir yakunida maslahat guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning institutsional salohiyatini kuchaytirish hamda yoshlarning jamoatchilik boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA