Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 6 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Majlis kun tartibiga 13 masala kiritilgan bo‘lib, shundan 8 tasi qonunlardir.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi yangi qonunlar bor.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Nur-Sulton, 2021 yil 6 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2022 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ma’qullanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqiladi.
Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborilishiga oid masala ham muhokama etiladi.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijro etilishi yuzasidan 2022 yil 7 oktyabrda qabul qilingan SQ-638–IV-sonli qarori bajarilishi to‘g‘risidagi masala ham kun tartibidan o‘rin olgan.
N.Abduraimova,
O‘zA