Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun – 13 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga Senat Raisi o‘rinbosari to‘g‘risidagi masala hamda “Elektron tijorat to‘g‘risida”, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunlar kiritilgan.
Bundan tashqari, majlisda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti, tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitiladi.
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining, shuningdek Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish masalasi senatorlar e’tiboriga havola etiladi.
Boyovut, Qarshi, Olot, Bo‘ston va To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘rganish natijalari hamda Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ko‘rib chiqiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati to‘g‘risidagi masala ham kun tartibiga kiritilgan.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqidagi xabarlarni uza.uz orqali kuzatib boring!
N.Abduraimova,O‘zA