Senat: Ilm-fanni rivojlantirishda songa emas, balki sifatga alohida e’tibor qaratiladi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ilm-fan sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar qonun loyihasiga kiritilgan muhim tushunchalarning ta’rifini qizg‘in muhokama qildi.
Teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish hamda ilmiy va (yoki) ilmiy-texnik faoliyatda natijaga erishmaslik xavfining mavjudligini e’tirof etish kabi yangi asosiy tamoyillar kiritilayotgani qayd etildi.

Muhokama jarayonida so‘zga chiqqanlar qonun loyihasi ilm-fanni rivojlantirishda songa emas, balki sifatga alohida e’tibor qaratish, ilm-fan sohasida turli xil byurokratik to‘siqlar yoki korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Senatorlar, olimlar, mutaxassis va ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilish yakunida qonun loyihasini qayta ishlash hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborish haqida qaror qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA