Senat a’zolari saylovi qanday o‘tkaziladi?
Shu kunlarda Senat a’zolari saylovi arafasidamiz.
Shu kunlarda Senat a’zolari saylovi arafasidamiz. Avval bu saylov Markaziy saylov komissiyasining nizomi asosida olib borilar edi. Endi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi.
Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Shu yil 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari saylovini o‘tkazish muddatlari va o‘tkaziladigan joylari belgilandi.
Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Saylovchi deputatni bevosita saylagan bo‘lsa, Senat a’zosi saylovchi ishonch bildirgan vakili – deputat tomonidan bilvosita saylanadi. Aynan shu jarayon deputatning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Yuqorida aytilganidek, Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish qo‘shma majlisda amalga oshiriladi. Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi.
Kodeksga kiritilgan ushbu qoida avvalgi nizomlarda belgilangan Oqsoqollar kengashi emas, balki Maslahat kengashi institutiga Senat a’zoligiga nomzodlarni tavsiya qilish vakolatini beradi.
Maslahat kengashi davlat va jamiyat faoliyatining turli tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li deputatlar orasidan Senat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rsatadi va ko‘rib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif beradi.
Qo‘shma majlisda Maslahat kengashi raisi tavsiya etilayotgan nomzodlar haqida malumot beradi va majlis ishtirokchilarining fikr va mulohazalari eshitilib, ushbu Senat a’zoligiga nomzodlar saylov byulleteniga kiritilishi qo‘llab-quvvatlangach, saylov byulleteniga kiritish haqida qaror qabul qilinadi.
Saylov byulleteniga olti nafardan kam bo‘lmagan Senat a’zoligiga nomzod kiritiladi.
Navbatdagi masala saylov jarayonini tashkil qilish bo‘lib, qo‘shma majlis qatnashchilari tarkibidan Sanoq komissiyasi saylanishi ham bu saylovning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatadi.
Yashirin ovoz berishni o‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan to‘qqiz nafargacha a’zodan, shu jumladan, komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi. Bu komissiya saylovning adolatli o‘tkazilishida muhim o‘rin tutadi.
Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni o‘tkazish tartibini e’lon qiladi. Komissiya a’zolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan muhrlaydi.
Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali o‘tib boradigan qilib o‘rnatiladi.
Qo‘shma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.
" yoxud "x" belgisini qo‘yish orqali to‘ldiriladi.üSaylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan Senat a’zoligiga nomzodlarning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga "+" yoki "
Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini ko‘rinarli joyda turishi kerak bo‘lgan saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.
Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek, buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim. Bunday byulletenlarning chap tomondagi yuqori burchagi qirqib qo‘yiladi va alohida saqlanadi.
Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi a’zolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz o‘tkaziladi.
Yashirin ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonnoma tuziladi. Bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha a’zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda to‘ldirilishiga va unga biron-bir tuzatishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan Senat a’zoligiga nomzodlar, basharti qo‘shma majlisda hozir bo‘lgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan ko‘prog‘i ularni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish chog‘ida belgilangan miqdorda Senat a’zolari saylanmagan bo‘lsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini to‘plamagan nomzodlar bo‘yicha ana shu qo‘shma majlisning o‘zida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi qo‘shma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi. Ro‘yxatga olishdan keyin o‘n kun ichida esa guvohnoma va ko‘krak nishoni beradi.
Agar saylov davomida, ovozlarni sanab chiqish, yashirin ovoz berish natijalarini aniqlash chog‘ida ushbu kodeks talablari saylov natijalariga ta’sir qilgan tarzda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi Senat a’zolarining saylovini haqiqiy emas, deb topishi mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, Senat a’zolari saylovi o‘z ichiga bir necha bosqichni oluvchi murakkab saylov jarayoni hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan qoidalar aniq va bir xilda amalga oshirilishi saylovda qonuniylik, adolatlilik, erkinlik, haqqoniylik tamoyillari ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda Oliy Majlis Senati a’zolari saylovlarining qonun talablari asosida demokratik prinsiplar asosida o‘tkazilishi, munosib nomzodlar saylanishi Senatning nufuzi oshishi, hududlar manfaatlarini umumdavlat manfaatlari bilan uyg‘un holda ro‘yobga chiqarishiga zamin yaratadi.
Bahodirjon YuNUSOV,
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
saylov komissiyasi a’zosi.