Seminar qonun ijrosiga bag‘ishlandi
Sirdaryo viloyat prokuraturasida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun ijrosi, muammo va yechimlar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda fuqarolarning tergov va sud ishi yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlaydigan konstitutsiyaviy normani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish jarayonida vujudga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, insonlarning advokatura institutiga bo‘lgan ishonchining ortishi va malakali yuridik yordam olishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Nazarov mazkur qonun qabul qilinishiga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlari bo‘yicha amalga oshirilgani, endilikda fuqarolik va ma’muriy sud ishlariga ham tatbiq etilganini, qonun amalda aniq va to‘laqonli ijro qilinishi insonlarning advokatura institutiga bo‘lgan ishonchi ortishiga va malakali yuridik yordam olishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Seminarda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari, davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun murojaatlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish tartiblari batafsil tushuntirildi.

Shuningdek, “Yuridik yordam” axborot tizimi bo‘yicha adliya organlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligi va ishlarni tashkil etish holati ham tahlil etildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri