Sel oqibatida qulagan ko‘prik yangitdan qurilmoqda
O‘tgan yil yoz oyida Andijon viloyatining Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarini bog‘lab turuvchi “Oqbursoy” ustiga qurilgan ko‘prik sel oqibatida qulab tushgan edi.
Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish dasturi doirasida “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri Andijon filiali quruvchilari tomonidan mazkur ko‘prikni qayta qurish ishlari belgilangan me’yor va talablar asosida olib borilmoqda. O‘nlab malakali mutaxassislar, zarur texnika vositalari jalb etilgan.
Ko‘prik qurilishining umumiy loyiha qiymati 10 milliard 997 million so‘m bo‘lib, hozirga qadar 8,68 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Ayni paytda uzunligi 54 metr, avtomobil qatnov qismi 11,5 metr bo‘lgan ko‘prikka texnikalar yordamida mutaxassislar tomonidan maxsus tayyorlangan beton-plitalar o‘rnatilmoqda.

Transport vositalarining erkin harakatlanishi, aholiga qulaylik yaratish va xavfsiz harakatni yo‘lga qo‘yish maqsadida ko‘prikning ikki yoniga piyodalar uchun yurish yo‘lakchalari ham qurilmoqda.
Ko‘prik joriy yil mart oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi belgilangan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari