Sektorlar faoliyatini baholashga tayyorgarlik
Jizzax shahrida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy filiallari tomonidan 2021 yil yakuni bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilganidan so‘ng davlat fuqarolik xizmatida kadrlar siyosatida tub islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar, joylarda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi natijadorligini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash amaliyoti 2021 yilning boshidan tizimli ravishda joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq hududlardagi muammolarning hal etilishi, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni kuchaytirish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarning “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlash yuzasidan faoliyatini baholash tizimi joriy etildi. Mazkur qarorga muvofiq, hozirda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy filiallari tomonidan 2021 yil yakuni bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan agentlikning Jizzax viloyati filiali tomonidan viloyat sektorlari kotiblari ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda sektor rahbarlari faoliyatining 10 oylik reyting natijalari, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari hamda kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar atroflicha muhokama etildi.

Agentlikning Jizzax viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Baxrom Yaxshiboyev tomonidan ishtirokchilarga 2021 yil yakuni bo‘yicha sektorlar faoliyatini baholashda foydalaniladigan indikatorlar mazmun-mohiyati, ularni shakllantirish mexanizmlari va hisoblash tartibi, ijtimoiy so‘rovnoma natijalari hamda shahar va tumanlar sektorlari rahbarlarining bilimi va kasbiy salohiyatini baholash tartiblari, ular faoliyati natijadorligini baholashda viloyat sektor rahbarlari ishtiroki xususida batafsil tushuntirishlar berildi.
Muhokama so‘nggida reyting tizimidagi baholash indikatorlari haqqoniyligini ta’minlash yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish va barcha tuman va shahar sektorlari rahbarlarining faoliyat samaradorligiga erishishda mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA