Sayyor sud — jinoyatchilikning oldini olishda samarali mexanizm
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tashabbusi bilan viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan sayyor sud hamda huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Sayyor sud jarayonlarida ishtirokchilarga jinoyat va huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavfi, jazoning muqarrarligi hamda bu kabi qilmishlarning inson taqdiriga salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida sudyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining so‘nggi yillarda qabul qilingan qator muhim hujjatlari mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirib berildi. Xususan, 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni sud tizimida ochiqlik, shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

— Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad jinoyat yo‘liga kirib qolgan yoki jinoyat sodir etishga moyil shaxslarga qonun oldida javobgarlikning muqarrar ekanini anglatish, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish hamda jamiyatda huquqiy tartibni mustahkamlashdan iboratdir, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi sudyasi Dilobar Pardayeva.

— Tadbirda davlatimiz rahbarining 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmuni tushuntirilib, mahallalarda profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xizmatchilari va fuqarolar o‘rtasida halollik, qonunga itoatkorlik tamoyillarini qaror toptirish masalalari ham muhokama qilindi.
Sudyalar tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari haqida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Bunday sayyor sud va huquqiy targ‘ibot tadbirlari aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, fuqarolarda qonunga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, eng muhimi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali mexanizm sifatida xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA