Sayyor qabullarda fuqarolarning murojaatlari hal etilmoqda
Oliy sud va Navoiy viloyat sudi mas’ullari tomonidan Navoiy shahar hamda Karmana tumanlari aholisi uchun sud-huquq masalalari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Navoiy shahridagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Ilm ma’rifat bog‘i”da o‘tkazilgan sayyor qabulda 30 nafarga yaqin fuqaro qabul qilindi.
Ularning 15 tasi jinoyat, qolganlari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga oid murojaatlarni tashkil etdi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan sayyor sud majlisi ham o‘tkazilib, taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish hamda boshqa turdagi jazoni o‘tayotgan 25 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 1 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan yengilrog‘i bilan almashtirildi. 26 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazolarini yengil tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 nafar fuqaroning ish haqini, 4 nafar fuqaroning qarz va 2 nafar fuqaroning aliment undirish haqidagi arizalari qanoatlantirildi.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining da’vo talablari qanoatlantirilib, ularning hisobiga 58,7 million so‘m qarzdorlik undirilgan bo‘lsa, Ma’muriy sudlar tomonidan 6 nafar fuqaroning mansabdor shaxslarining harakatlarini qonunga xilof deb topish va majburiyat yuklash to‘g‘risidagi arizalari ko‘rib chiqildi. Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklandi.

Oliy sud va Navoiy viloyat sudi mas’ullari tomonidan Navbahor tumani “Beshrabod” MFY hamda Qiziltepa tumani “Gulzor” MFYda, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” MFYda Zarafshon shahar, Uchquduq, Tomdi tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun, Konimex tumani “Navro‘z” MFY, Nurota tumani “G‘ofur G‘ulom” MFY hamda Xatirchi tuman “Damariq” MFY larda ham sayyor qabul o‘tkazildi.

Ularda fuqarolarning murojaatlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, joyida hal etilgan bo‘lsa, ayrimlariga huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, sayyor qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan sayyor sud majlislari ham tashkil etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri