Sayyor qabulda muammolar hal etildi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi direktori o‘rinbosari Azamat Bekqulov hamda qo‘mitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Jo‘rayev ishtirokida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.
Qachonki, ochiq, shaffof raqobat muhiti bo‘lsagina, tadbirkorlar emin-erkin va samarali faoliyat yurita oladi. Tashkil etilgan sayyor qabulda tadbirkorlar o‘rtasida shaffof raqobat muhitini shakllantirish, aholi, xususan, tadbirkorlar va iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning murojaatlarini eshitish, mavjud muammolarini bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Tumanda ish olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolar, raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish, fuqarolarning iste’molchi sifatidagi huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘tkazilgan sayyor qabul davomida 20 dan ziyod murojaat eshitilib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi.
Jumladan, tumanda faoliyat olib borayotgan "Xonbog‘ mineral o‘g‘itlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili tashkilotning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun kredit olish bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qildi.

Murojaatchi taqdim etgan hujjatlar joyida o‘rganib chiqilib, tuman hokimligi hamda bankning tuman filiali mutasaddilariga kredit ajratilishi lozimligi yuzasidan tavsiya berildi. Tez kunlarda jamiyatga kredit ajratib beriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, yana bir tadbirkor O‘zbekiston va qo‘shni Qirg‘iziston Respublikalarini bog‘lab turuvchi A-373 magistral avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tgan qismida zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etish uchun yer olishiga ko‘mak berilishini so‘rab murojaat qildi.

Murojaatchiga tuman hokimligi tomonidan tegishli tartibda auksion savdosiga joylashtirilgan yerlar faqat auksion savdosi orqali olinishi mumkinligi tushuntirildi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Otabek Asqarov esa chorva mollari sotib olish va fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun bankdan 100 million so‘m kredit olishga yordam berilishini so‘ragan. Ushbu murojaat ham shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topdi.
Sayyor qabul davomida tadbirkor va iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, erkin raqobat muhitini yaratish, aholining iste’molchi sifatidagi bilim va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ham suhbatlar o‘tkazildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari