Sayyor qabul: fuqarolar muammolari yechim topmoqda
Jizzax viloyati sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan Baxmal tuman hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda viloyat sudlari tomonidan jami 6 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Ana shu murojaatlarning 4 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 2 tasi joyida ijobiy hal etildi.

– Ushbu sayyor qabulga Soliq organi tomonidan menga nisbatan qo‘llanilgan 3 million 400 ming so‘mlik jarima jazosining miqdorini kamaytirish haqida iltimosnoma kiritgan edim, – deydi Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Umirzoq Qobilov. – Murojaatim sayyor sud tartibida ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Bu mening oilaviy byudjetimga katta yengillik bo‘ldi.

A.Qayumov, O‘zA.