“Sayyohlarga osmono‘par binolar qiziq emas”
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor tufayli tegishli me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilib, xalqaro turizm standartlari talablariga mos mehmonxona, turoperatorlar va sayyohlik agentliklarining xizmat ko‘rsatish qoidalari ishlab chiqildi. Xorijiy sayyohlar uchun viza tartibi soddalashtirilgani esa o‘z samarasini bermoqda.
Soha rivojida Prezidentimizning 2019 yil 6 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev Samarqand viloyati Urgut tumanidagi turizm mahallalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish maqsadida, so‘lim tabiati bilan sayohatchilarni rom etib kelayotgan Tersak mahallasiga bordi.

Deputat mahallada sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bilan yaqindan tanishib, shu mahallada mehmon uyi tashkil etgan Q.Hasanov xonadonidagi 9 nafar fransiyalik turistlar bilan suhbatlashdi. Mehmonlar muloqot chog‘ida yaratilgan sharoitlar, imkoniyat va qulayliklardan mamnunligini bildirdi.

— Chet ellik sayyohlarga osmono‘par binolar yoki eng so‘ngi texnologiyalar bilan jihozlangan dabdabali mehmon uylari qiziq emas, aksincha ularga o‘zbek xalqining milliy urf-odatini ifodalagan mehmon uylari, oddiy qishloq xalqining turmush tarzi qiziq, – deydi Navro‘z Rizayev. – So‘nggi yillardagi e’tibor sabab chekka-chekka hududlarda ana shunday mehmon uylari tashkil etildi. Bu joylar sayyohlar uchun sevimli maskanga aylanmoqda.

O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish uchun hozirgi kunda mavjud imkoniyatlarni safarbar etish va jahon hamjamiyati uchun barcha yo‘nalishlarda ochiq siyosat yo‘lini tanladi. Shu bilan birga turizm sohasi rivojiga berilayotgan e’tibor va bu sohada olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati mamlakatimizda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, aholi daromadlarini oshirish, eksport tarkibini kengaytirish va investitsion salohiyatni oshirishdir. Shu orqali aholi farovonligiga erishiladi.
O‘zA