“Sayxunobod tajribasi” bo‘yicha seminar
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamkorligida “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari” mavzusida o‘quv- seminar tashkil etildi.
Respublika tijorat banklari boshqaruvi raislari o‘rinbosarlari, viloyat iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari va hokim yordamchilari ishtirok etgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari haqida gapirdi.
Ta’kidlandiki, Sayxunobod tajribasi asosida viloyatdagi har bir mahallada 5-7 tagacha kambag‘al, daromadli mehnat bilan shug‘ullanishga ishtiyoqi bor nochor xonadonlar tanlab olinib, ularga hududdagi yetakchi tadbirkorlar biriktiriladi. Shuningdek, 3 sotix atrofidagi issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish va buning natijasida saralangan oilalarning bir yilda 50 million so‘mdan oshirib daromad topishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari mas’ullari joylardagi hokim yordamchilari ko‘magida saralangan xonadonlarda daromad manbaini yaratish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘chat o‘tqazish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, qolaversa, aholiga savdo va xizmati ko‘rsatish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish ishlariga shaxsan javobgar hisoblanadi.
[gallery-16693]
Viloyatdagi mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari hududlardagi hokim yordamchilari bilan birgalikda xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish va ularni aholi jon boshiga oladigan daromadidan kelib chiqib, moliyaviy ahvoli qoniqarli, moliyaviy imkoniyatlari cheklanganlar va moliyaviy ahvoli past toifalariga ajratish, xonadonlarning ixtisoslashuvini o‘rganish va ishsiz fuqarolarga oilaviy daromadini oshirish bo‘yicha ish faoliyatiga qarab taklif berish hamda bandligini ta’minlash, aniqlagan muammo va takliflarni hal etish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, mahalladagi mehnat qilishga harakati bor, lekin imkoniyati yo‘q xonadonlar ajratilib, ularga kelgusida daromad manbai yaratib berish maqsadida 30 foiz banklar hisobdan subsidiya va Oilaviy tadbirkorlik dasturlari hisobidan 70 foiz kredit mablag‘lari ajratiladi.
Bundan tashqari, mahalladagi bo‘sh turgan bino-inshootlar hamda bo‘sh turgan yerlar bo‘yicha muammolarni aniqlash, ularning yechimi bo‘yicha takliflar berish, tuman va shahar hokimlarining 1-o‘rinbosarlari boshchiligida tijorat banklari o‘z mijozlari bilan uchrashib, ularning taklif va muammolarini o‘rganishi va yechimi bo‘yicha shug‘ullanib, qo‘shimcha qiymat va yangi ish o‘rinlari yaratish choralarini ko‘rishi hamda mavjud resurlardan kelib chiqib kichik tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirkorlikka jalb qilish orqali aholining bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.
Seminarda “Sayxunobod tajribasi”ni hududlarda joriy etish bo‘yicha barcha tijorat banklari rahbarlari biriktirilgan hududdagi ishchi guruhlar bilan ishni tashkillashtirishi hamda bunda asosiy e’tiborni har bir mahallada kamida 5 tadan ehtiyojmand aholini tanlab olib, ularning daromadini oshirish, oiladagi ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish choralarini ko‘rish, mahallada lider tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash belgilandi.
Videokonferensiya aloqa orqali barcha tuman, shahar iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokim yordamchilari ishtirok etgan seminarda ishtirokchilardan kelib tushgan muammo va takliflar ham atroflicha o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq va muddatli topshiriqlar berildi.
Seminarda mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha viloyatda amalga ishirilgan ishlar muhokama etilib, berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi va kerakli tavsiyalar ishlab chiqildi
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari