Saylovlarga tayyorgarlik jarayoni qanday bormoqda?
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlarga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Saylov – 2019
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlarga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 22 dekabrida “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda viloyatdan 2 million 333 mingdan ziyod saylovchi ishtirok etishi kutilyapti. Hozir viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 17 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha 60 ta, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 567 ta okrug saylov komissiyasi hamda 1 ming 51 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ularning faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitga ega zamonaviy binolardan joy ajratilgan. Komissiyalar tarkibi saylov bo‘yicha yetarli ko‘nikma va bilimga, hududda obro‘-e’tiborga ega fuqarolar hamda jamiyat hayotida faol xotin-qizlardan tashkil etilgan.
Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limida kompyuter jihozlari, zarur mebellar, kutish zali, videokonferensiya va matbuot anjumanlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan kichik va katta zallar, videoproektor, Wi-Fi zonasi va internet tarmoqlari mavjud.
Saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni saylov qonunchiligidagi yangi normalar bilan tanishtirish maqsadida turkum seminarlar o‘tkazildi. Bugungi kunda barcha saylov uchastkalari ovoz berishni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish uchun to‘liq tayyor holga keltirildi. Saylov uchastkalari barcha zarur narsalar – aloqa vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlangan. Maxsus ajratilgan joylarda yashirin ovoz berish uchun kabinalar jihozlangan, saylov qutilari o‘rnatilgan.
Saylov uchastkalarining 541 tasi simli, 510 tasi mobil telefon aloqasi bilan ta’minlandi. Shuningdek, okrug va uchastkalarning barchasi internet tarmog‘iga ulandi. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha 3 ming 346 nafar operator o‘qitilmoqda.
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 109-Qo‘shtepa okrugi hududda 59 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi M.O‘roqov. – Bu yerda Qo‘shtepa tumani va Marg‘ilon shahrida yashovchi 135 mingdan ziyod saylovchi ro‘yxatga olingan. Ayni paytda saylov okrugi tomonidan saylovni ochiq, oshkora va shaffof o‘tkazish uchun belgilangan talablar asosida tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti. Deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotida ham teng sharoitlar yaratib berilmoqda.
Qo‘shtepa tumanidagi 462-saylov uchastkasida saylovga har jihatdan puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Saylov uchastkasi xonalari qonunchilikda belgilangan talablar asosida jihozlangan. Ovoz berish kabinalari, statsionar va ko‘chma saylov qutilari tayyorlangan. Saylov qonunchiligiga oid ma’lumotlar, saylovchilar huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi targ‘ibot vositalari ko‘rinarli joyga ilib qo‘yilgan. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ularning sonini aniqlashtirish maqsadida qaytadan xatlov ishlari olib borilmoqda.