Saylovlar haqida o‘ylovlar...
Darhaqiqat, mamlakatimiz ertasi, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro bo‘lib o‘tgan saylovlarda faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini yo‘llar ekan, yurtimizda “...eng muhimi, odamlarimizning hayot darajasi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, ertangi kunga ishonchi tobora kuchayib borayotgani, jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, ochiqlik va erkinlik muhiti chuqur qaror topayotgani, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar buni yaqqol tasdiqlaganini, shuningdek, saylovlar O‘zbekiston demokratik taraqqiyot yo‘lidan ortga qaytmasligini yana bir bor isbotlaganini alohida ta’kidlar ekanlar, mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga o‘zining rasman bahosini berdi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz ertasi, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro bo‘lib o‘tgan saylovlarda faol ishtirok etdi. O‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, mamlakatimiz milliy parlamentiga va mahalliy kengash deputatligiga o‘zlari munosib deb topgan nomzodni sayladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga asosan saylovni kuzatishda 9 ta xalqaro tashkilot va 41 ta xorijiy davlat vakillaridan iborat jami 825 nafar chet ellik kuzatuvchilarning ishtirok etganligining o‘ziyoq mazkur siyosiy jarayonga xalqaro hamjamiyatning qiziqishi qanchalik yuqori bo‘lganligini ko‘rsatdi. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy islohotlarga dunyo hamjamiyatining bildirgan ishonchi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng muhimi, bo‘lib o‘tgan saylovlar ochiqlik va shaffoflik, demokratik prinsiplar asosida o‘tganligi e’tirof etildi.
Bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining yana bir ahamiyati shunda bo‘ldiki, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar nafaqat sinovdan o‘tdi, balki, ular “siylov”dan ham o‘tishdi. Bunga biz, saylovoldi tashviqotlarida, demokratik debatlarda siyosiy partiyalarni chiqishlari va ularning o‘zaro bahs-munozaralarida guvoh bo‘ldik. Maylida, ehtimol bu ham demokratiyaning bir ko‘rinishi bo‘lsa, ajab emas. Nima bo‘lganda ham biz qaysi partiya odamlarga nima bera oladi, qaysi partiyaning rahbari xalqning hurmatiga qanchalik sazovor bo‘ldi. Bular haqida hech bo‘lmaganda oz bo‘lsa-da, o‘zimiz uchun xulosa chiqarib oldik. Ko‘pchilik saylovchilarning xulosalari o‘laroq, 2020 yil 5 yanvar kuni 25 ta saylov okrugida Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar uchun qayta ovoz berildi.
Shuni ham aytish joizki, ayrim hududlarda bo‘lib o‘tgan saylov jarayonida qonun buzilishi holatlari ham bo‘ldi. Buni biz ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatdik. Bundan ta’bimiz xira bo‘lgani ham rost. Shuni ta’kidlash joiz, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan lavhalar, berilgan ma’lumotlar qanchalik xolis yoki bo‘rttirib ko‘rsatilganligi, uning muallifiga yoki bugungi til bilan aytganda “bloger”larga havola. Biz bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga baho berish maqsadidan yiroqmiz. Qolaversa, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida xalqimiz faol ishtirok etib, o‘zining bahosini berib bo‘ldi.
Lekin, bir nuqtani unutmasligimiz kerak. Bizningcha, bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida sodir bo‘lgan ayrim qonunbuzarliklar (bular ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan)ning ikki sababi bor. Bularning birini “ob’ektiv”, ikkinchisini “sub’ektiv” sabab deb, aytish mumkin. Birinchisi saylovchi saylov qonunchiligini bilmaydi va uni buzadi. Ikkinchisi esa, saylov qonunchiligini biladi, lekin, unga rioya qilmaydi. Achinarlisi, bularni ko‘pchiligini mansabdor shaxslar tashkil etadi.
Har ikki sababni – u “ob’ektiv” bo‘ladimi yoki “sub’ektiv”mi farqi yo‘q, ularni oqlash mumkin emas. Chunki qonunni bilmaslik ham, unga rioya qilmaslik ham jamiyat taraqqiyotini ortga suradi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi. Yana ham achinarlisi, qonun buzilishidagi bunday “ob’ektiv va sub’ektiv” sabablar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga bo‘lgan xalqaro jamoatchilikning ishonchini so‘ndirishi mumkin. Bu ham mayli. Chunki har besh yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilar avval ham kelgan, saylov jarayonlarini kuzatgan, o‘zlarining fikr-mulohazalarini aytishgan va yana o‘z yurtlariga ketishgan. Bundan keyin ham bu jarayon davom etaveradi. Lekin, O‘zbekistonni taraqqiyoti, mamlakatimizda demokratik jamiyat barpo etishdan kim ko‘proq manfaatdor, albatta biz o‘zimiz emasmi? Davlat rahbari ko‘p bor ta’kidlaganlaridek, hech kim chetdan kelib biz uchun farovon hayotni, demokratiya ustuvor bo‘lgan adolatli jamiyatni barpo etib bermaydi.
Hozir bu haqida so‘z yuritmoqchi emasmiz. Balki bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan xulosa qilib, mamlakatimiz saylov tizimining afzalliklari haqida fikr bildirmoqchimiz.
Ma’lumki, dunyoda saylov tizimi majoritar va proporsional saylov turiga asoslanadi. Majoritar saylov tizimida nomzodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish imkoni bor. Proporsional saylov tizimida esa, saylovchilar nomzodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz bermaydi. Bunday saylov tizimida saylovchilar nomzodga emas, balki partiyalarga ovoz beradi, yana ham aniqrog‘i, siyosiy partiya taqdim etgan nomzodlar ro‘yxatiga ovoz beradi.
O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan saylov tizimi xalqimizni mentalitetidan kelib chiqib tanlangan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Majoritar saylov tizimida saylovchilar bir vaqtning o‘zida siyosiy partiyaning dasturiga va u ko‘rsatgan nomzodga ovoz berishi bilan e’tiborga molik.
Buni parlament saylovlarida ishonchli 2-o‘rinni egallagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi misolida tushuntirishga harakat qilamiz.
22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda saylovchilar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan 35 nafar nomzodni qo‘llab-quvvatladi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga sayladi. Biroq saylovchilar bilan lozim darajada uchrashuvlar o‘tkazmagan va saylovchilar bilan ish olib bormagan (buni partiya rahbari o‘zi ham tan oldi) partiya rahbarining nomzodini qo‘llab-quvvatlamadi.
Bu siyosiy partiya rahbari faqat “takroriy ovoz berish”da Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi. Agar mamlakatimiz saylov tizimi proporsional saylov turiga asoslanganda, yuqorida nomi qayd etilgan siyosiy partiya yetakchisining nomzodi Qonunchilik palatasi deputatligiga birinchi navbatda o‘tgan bo‘lar edi. Ana sizga O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan saylov tizimini afzallik tomoni.
SAYLOVLAR NEGA AYNAN QISh MAVSUMIDA O‘TKAZILADI?
Endi parlament saylovlarini aynan qish mavsumida, aniqrog‘i, dekabr oyida o‘tkazilishi haqida. Nimaga bu masalaga to‘xtalmoqchimiz? Chunki, keyingi vaqtlarda ayrim siyosatchilar tomonidan O‘zbekistonda parlament saylovlarini bahor oylariga ko‘chirish taklifi ilgari surilmoqda. Bizningcha, bu yetarlicha asoslantirilmagan taklif deb o‘ylaymiz.
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi, ikkinchi qismida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi” deb belgilangan.
Xo‘sh, nima uchun mazkur qoida konstitutsiya darajasida mustahkamlangan? Chunki mamlakat vakillik organlari ular turli darajada bo‘lmasin, vakolat muddati qat’iy belgilanishi kerak. Bu demokratiyanig muhim sharti hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston sharoitida odamlar qish mavsumida nisbatan “siyosiy faolroq” bo‘lishadi. Bahor mavsumida esa, ta’bir joiz bo‘lsa, “iqtisodiy faol” bo‘lishadi.
To‘g‘rida, o‘zbeklar bahorda dehqonchilik bilan, aniqrog‘i, tirikchilik bilan band bo‘ladi. Tasavvur qiling, tanti o‘zbek dehqonini bahorda o‘z dalasidan saylovga olib kelib bo‘ladimi? Kechirasiz, osh damlasangiz ham, o‘zbek dehqoni o‘z dalasini tashlab saylovga kelmasa kerak.
Qolaversa, qish mavsumida ham bir milliondan ko‘proq o‘zbekistonliklar qo‘shni mamlakatlarda mehnat qilib yurishibdi. Bahor mavsumida ularni soni ikki-uch barobarga oshib ketmaydi deb kim kafil bo‘ladi. Ularni saylovga oid konstitutsiyaviy huquqlari qanday ta’minlanadi. Xorijda minglab saylov uchastkalarini tashkil etish imkoni bo‘ladimi? Bizningcha yo‘q.
Shuning uchun ham davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar aynan dekabr oyida o‘tkazilishi to‘g‘ri bo‘lgan, deb hisoblaymiz. To‘g‘ri, qish mavsumida aholi tomonidan elektr, gaz, suvga oid muammolarni ko‘tarishi deputatlikka nomzodlarga malol kelishi mumkin, lekin bundan ko‘rqmaslik kerak.
Ishonchimiz, O‘zbekiston shunday rivojlanishda davom etadigan bo‘lsa, navbatdagi parlament saylovlariga qadar qishloq hayotida bugun mavjud bo‘lgan elektr, gaz, suv muammolari bo‘lmaydi. Bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak.
Albatta, yuqorida aytilgan fikr-mulohazalar bahsli bo‘lishi ham mumkin. Ular inkor etadiganlar ham topiladi. Va bu tabiiy.
Lekin shu narsa ma’lumki, mantiq fanida inkorni — inkor qonuni mavjud. Esimda, talabalik davrimizda domladan bu qonun nima uchun kerak, deb so‘raganimizda, u kishi shunday javob bergan edi: "Agar, hayotimizda inkorni inkor qonuni ishlamaydigan bo‘lsa (qo‘llanilmasa), u holda jamiyat taraqqiyotdan to‘xtaydi. Xulosa o‘zingizdan.
Abdumannob RAHIMOV,
huquqshunos