Saylovga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda
Markaziy Saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyati hududiy boʻlimida joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari hamda galdagi vazifalarga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.
Markaziy Saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyati hududiy boʻlimida joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari hamda galdagi vazifalarga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.
Unda Surxondaryo viloyati saylov komissiyasi raisi Sh. Boyqulov “Yangi Oʻzbekiston: Yangi saylovlar” shiori ostida boshlangan siyosiy kampaniyaga vohada koʻrilayotgan hozirlik va amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Brifingda taʼkidlandiki, mamlakatimizda yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida oʻtadigan muhim siyosiy jarayonni ochiq, umumeʼtirof etilgan mezonlarga muvofiq tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tarkibi shakllantirilib, 15 aʼzodan iborat tarkibi tuzildi. Viloyat saylov komissiyasi va Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining viloyat hududiy boʻlimi uchun Termiz shahridagi zamonaviy viloyat Matbuot uyi binosidan xonalar ajratilib, barcha sharoit yaratildi. Jahon internet tarmogʻiga ulangan 40 ta soʻnggi rusumdagi kompyuter, oʻn beshta printer va shuncha nusxa koʻchirish uskunasi, beshta televizor, ikkita video muloqot oʻtkazish monitori, aloqa qilish uchun yetarli telefon apparatlari bilan jihozlandi. WI-FI zonasi tashkil etildi.
Ayni paytda komissiya va matbuot xizmati aʼzolari Saylov kodeksi ijrosi boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Komissiya aʼzolari qonunning bir xil qoʻllanilishini taʼminlash, saylovni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Brifingda vohada xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta saylov okrugi tuzilib, ularga nom va tartib raqami berilgani, komissiya aʼzolari tarkibi tasdiqlanib, ularning safiga axborot kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur biladigan mutaxassislar kiritilgani, komissiya aʼzolari tarkibida xotin-qizlar 40-50 foizni tashkil etayotgani, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlanib, matbuotda chop etilgani, ayni paytda mavjud 785 saylov uchastkasining komissiya aʼzolarini shakllantirish boʻyicha muayyan ishlar olib borilayotgani yuzasidan ham tegishli maʼlumotlar berildi.